$
 11765.21
-0.55
 13586.46
-52.41
 139.35
-0.36
weather
+26
Кечаси   +14°

TikTokdan sun’iy intellektgacha: YI 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga internetni cheklamoqchi

yei

Yevropa Ittifoqi bolalarning internetdan foydalanishiga jiddiy cheklovlar qo‘yishni rejalashtirmoqda. Yangi taklif ijtimoiy tarmoqlardan tortib TikTok va YouTube kabi video platformalar, sun’iy intellekt chat-botlari va onlayn o‘yinlargacha qamrab olishi mumkin. Eng katta o‘zgarish 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tegishli.

Xo‘sh, bu qoidalar bolalarni internet xavflaridan himoya qila oladimi?

15 yoshga to‘lmaganlar internetdan qanday foydalanadi?

Yevropa Komissiyasi bolalarni internetdagi zararli kontent va raqamli platformalarning salbiy ta’siridan himoya qilish uchun yangi qoidalar tayyorlamoqda. Rejaga ijtimoiy tarmoqlar, video platformalar, AI chat-botlari va onlayn o‘yinlar kiradi.

Taklifga ko‘ra, 15 yoshga to‘lgan o‘smirlar o‘z akkauntlarini mustaqil ochishi mumkin bo‘ladi. 13–14 yoshdagilar esa ijtimoiy tarmoqlar va video platformalardan ota-onasining roziligi hamda nazorati bilan foydalanishi ko‘zda tutilmoqda.

3–12 yoshdagi bolalarning akkauntlari to‘liq ota-ona nazoratida bo‘lishi va ularga faqat bolalar uchun xavfsiz deb topilgan xizmatlardan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin. 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa bunday raqamli xizmatlardan foydalanishga umuman ruxsat bermaslik taklif qilinmoqda.

Ijtimoiy tarmoq va o‘yinlar foydalanuvchining yoshini tekshiradi

Yangi qoidalar faqat bolalar va ota-onalarga emas, internet kompaniyalariga ham katta mas’uliyat yuklashi mumkin. Ijtimoiy tarmoq va video platformalar yangi foydalanuvchi akkaunt ochayotganda uning yoshini tekshirishi kerak bo‘lishi mumkin. Onlayn o‘yinlarda ham o‘yinni yuklab olishdan oldin foydalanuvchining yoshi aniqlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Platformalardan bolani ekranga uzoq vaqt bog‘lab qo‘yadigan usullarni kamaytirish ham talab qilinishi mumkin. Shuningdek, zararli kontentni tezda shikoyat qilish, ota-onaga farzandining akkauntini nazorat qilish imkonini berish va bolalarga mos xavfsizlik sozlamalarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Bu orqali Yevropa Ittifoqi bolalarning internetdagi vaqtini shunchaki cheklash emas, balki platformalarning o‘zini ham bolalar uchun xavfsizroq qilishni maqsad qilmoqda.

Hozircha bu taqiq kuchga kirgani yo‘q

Reja “EU Kids Act” loyihasi doirasida ilgari surilishi kutilmoqda. Yevropa Komissiyasi taklifni 17-sentyabr kuni rasman taqdim etishi rejalashtirilgan.

Shundan keyin ham qoidalar darhol kuchga kirmaydi. Loyiha Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va Yevropa Parlamenti bilan muhokama qilinadi. Kelishuvga erishilib, hujjat qabul qilingandan keyingina yangi tartib qonuniy kuchga ega bo‘lishi mumkin.

Shunga o‘xshash tashabbuslar boshqa davlatlarda ham paydo bo‘lmoqda. Masalan, Qozog‘istonda 16 yoshdan kichik bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Теги :
Jamiyat