Yakshanba, 25-oktabr, 2026
Havo 80 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +18° kechasi +6°

Yevropa yana oyoqqa turdi: Mingdan ortiq odamlar qo‘lga olindi

Italiya va Fransiyada narx-navoning oshishidan norozi minglab odamlar ko‘chalarga chiqdi. Dastlab tinch boshlangan namoyishlar ayrim shaharlarda politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa yana oyoqqa turdi: Mingdan ortiq odamlar qo‘lga olindi

Odamlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, suv purkagichlar va shovqinli granatalar ishlatildi. Ikki mamlakatda mingdan ortiq kishi qo‘lga olindi.

Deutsche Welle xabariga ko‘ra, ommaviy norozilik namoyishlari 24-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan.

Italiyada odamlar nimadan norozi?

Italiyada aholi yashash xarajatlari va yonilg‘i narxining oshishi, qurollanishning kuchayishi hamda bosh vazir Jorja Meloni hukumatining siyosatiga qarshi norozilik bildirdi. Namoyishlar Milan, Bolonya, Turin va Rim shaharlarini qamrab oldi. Politsiya dastlab to‘qqiz kishi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan, keyinchalik bu raqam 371 nafarga yetgan. Ularning 110 nafari voyaga yetmaganlar ekani aytilmoqda.

17–18-oktyabr kunlari yuz bergan tartibsizliklardan keyin hukumat Milanga maxsus bo‘linmalarning 500 nafar harbiy xizmatchisini yuborgan edi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarni hibsga olish tartibi soddalashtirildi. Ular mol-mulkka zarar yetkazsa, ota-onalariga jarima solish choralari joriy qilindi.

Milan va Bolonyada politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi

Milanda namoyishlar kechgacha asosan tinch o‘tdi. Biroq shahar markazida vaziyat keskinlashib, odamlar politsiya bilan to‘qnashdi. Tartibsizliklardan xavotirlangan qimmatbaho mahsulotlar sotiladigan do‘konlar egalari vitrinalarini to‘sib qo‘ydi.

Bolonyada namoyishchilar temiryo‘l vokzaliga yaqinlashmoqchi bo‘lganida politsiya ularni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlar bilan to‘xtatdi. Turinda esa odamlar qalqonlar yordamida siqib chiqarildi. Hukumat namoyishlarni dron va vertolyotlar orqali kuzatdi, vokzallarda patrullar sonini oshirdi. Yangi tartibsizliklarga chaqiriqlarni aniqlash uchun internetdagi faollik ham nazorat qilindi.

Fransiyada yuz minglab odam ko‘chaga chiqdi

Fransiyada ham yashash xarajatlarining oshishi va ta’lim tizimidagi muammolar odamlarni norozilikka undadi. Namoyishlarni “sariq nimchalilar” harakati, kasaba uyushmalari va o‘quvchilar tashkil qildi.

Fransiya Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 410 ming kishi namoyishlarda qatnashgan. Umumiy mehnat konfederatsiyasi (CGT) esa ishtirokchilar sonini 800 ming deb baholagan. Eng katta namoyish Parijda bo‘lib o‘tdi. Vazirlik poytaxtda 110 ming kishi ko‘chaga chiqqanini bildirgan bo‘lsa, kasaba uyushmasi bu raqamni 250 ming deb ko‘rsatgan.

Parij, Marsel, Tuluza va Nitssada politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Dastlab vaziyat tinch boshlanib, ammo kunning ikkinchi yarmida keskinlashgan. Politsiya namoyishchilar tomonidan kuchli zo‘ravonlikka duch kelganini ma’lum qildi.

Fransiyada mingga yaqin odam hibsga olindi

Le Monde gazetasining yozishicha, Parijda to‘qnashuvlar soat 17:30 atrofida, namoyishchilar belgilangan yo‘nalishning oxiriga yetib kelganida boshlangan. Ayrim ishtirokchilar politsiyachilarga turli buyumlarni uloqtirgan. Bunga javoban huquq-tartibot xodimlari suv purkagichlar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan.

Lionda ham odamlar gaz yordamida tarqatildi, ko‘chalarga jandarmeriyaning zirhli mashinalari chiqarildi. Nantda esa namoyishchilar hokimiyat norozilik aksiyalarini taqiqlagan shahar markaziga kirib bordi. Fransiyada tartibsizliklar davomida mingga yaqin kishi qo‘lga olindi.
Hukumat namoyishlar oldidan xavfsizlikni ta’minlash uchun 70 ming politsiya va jandarmeriya xodimini safarbar etishini e’lon qilgan edi. Bunga bir hafta oldingi noroziliklar katta tartibsizliklarga aylanib ketgani ham sabab bo‘lgan.