O‘zbekistonda ijodkorlarga bir yil davomida oyiga 5 million so‘mdan gonorar to‘lash taklif qilinmoqda
Ijodkorlar uchun uch yil davomida bepul transport, davlat shifoxonalarida davolanish xarajatlarini to‘liq qoplash va ijodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa imtiyozlar joriy etilishi mumkin.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yil davomida yuqori ijodiy natijalarga erishgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, tanlangan ijodkorlarga bir yil davomida har oy 5 million so‘mdan gonorar to‘lash, shuningdek, bir qator ijtimoiy imtiyozlar berish ko‘zda tutilgan.
Bu haqda ”Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasida so‘z boradi.
Milliy ijodkorlar qurultoyi o‘tkaziladi
Loyihaga muvofiq, 2027-yildan boshlab ijodiy birlashmalarning yillik hisoboti shaklida Milliy ijodkorlar qurultoyini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Yil davomida yuqori ijodiy natijalarga erishgan ijodkorlarni rag‘batlantirish masalasi ham shu qurultoy doirasida ko‘rib chiqilishi taklif etilmoqda.
Rag‘batlantirish xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi nazarda tutilgan. Xususan, tanlangan ijodkorlarga bir yil davomida har oy 5 million so‘mdan gonorar to‘lash taklif qilinmoqda.
Uch yil davomida transportdan bepul foydalanish
Qonun loyihasida ijodkorlar uchun boshqa imtiyozlar ham belgilangan. Jumladan, ularga uch yil davomida O‘zbekiston hududida samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanish imkoniyatini yaratish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, ijodkorlarning davlat tibbiyot muassasalarida davolanish xarajatlarini to‘liq qoplash ko‘zda tutilgan.
Loyihada ijodiy faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ham o‘rin olgan. Xususan, ijodkorlarning badiiy kechalari, mahorat maktablari va ijod uylarini tashkil etish taklif qilinmoqda.
Qonun loyihasining maqsadi nima?
Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar ijodkorlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish hamda madaniyat va san’at sohasidagi ijodiy salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, sanab o‘tilgan imtiyozlar hozircha qonun loyihasida nazarda tutilgan. Ularning amalda joriy etilishi hujjatning qabul qilinishiga bog‘liq.
Qonunchilikda ijodkor kim hisoblanadi?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, kasbiy yoki nokasbiy, ya’ni havaskorlik asosida madaniy faoliyatning bir yoki bir nechta yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxs ijodkor deb hisoblanadi.



