O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon “Yashil yo‘lak” energiya loyihasini boshladi
Mazkur loyiha bilan issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va yangi “yashil” investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Respublikalari o‘rtasida “yashil” energiya ishlab chiqarish va uzatish loyihasi doirasida ta’sis shartnomasi imzolandi.
Tashabbusdan maqsad
Bu hujjat mamlakatlarning tizim operatorlari – O‘zbekistondan “O‘zbekiston milliy tarmoqlari” AJ, Qozog‘istondan “KEGOS” AJ va Ozarbayjondan “Azerenerji” OAJ ishtirokida amalga oshirildi.
Mazkur tashabbus Yevropa Ittifoqining “Yashil bitim” kabi yangi ekotashabbuslarini hisobga olgan holda, savdo aloqalarini kengaytirish va energiya uzatish sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga yordam beradi
Ta’kidlanishicha, “yashil yo‘lak” loyihasi nafaqat energetika tizimlarining barqarorligini ta’minlaydi, balki issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish orqali ekologik maqsadlarga erishishga katta hissa qo‘shadi. Shuningdek, loyiha doirasida “yashil” investitsiyalarni jalb qilish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib boriladi.
Ma’lumot o‘rnida, tomonlar Ozarbayjonning Boku shahrida qo‘shma korxona tashkil etish taklifini qabul qildi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun esa “CESI” kompaniyasi konsalting xizmati ko‘rsatadi.



