$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

“Yangi Toshkent” qanday koʻrinishda boʻladi?

toshkent

“Yangi Toshkent” shahrining birinchi bosqich hududida 40 km uzunlikda yo‘l quriladi. Bu haqda 16-yanvar kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Xitoy biznes forumida “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasi direktorining birinchi o‘rinbosari Bahrom Rizayev ma’lum qildi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi 

U o‘z so‘zida yangi shaharda amalga oshirilayotgan qurilish jarayonlari, jumladan, muhandislik tarmoqlari va transport infratuzilmasini tashkil etish ishlari haqida so‘zlab berdi.

Xususan, hududda umumiy uzunligi 40,49 km. bo‘lgan yo‘l qurilishini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqich doirasida jami 20,4 km. yo‘l yotqiziladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, uning qiymati $98,9 mln. ga baholanmoqda hamda yo‘lning kengligi 20 (uzunligi — 19,8 km., qiymati — $31,76 mln.), 40 (3,77 km., $7,54 mln.), 50 (9,9 km., $24,7 mln.) hamda 100 (6,97 km., $34,8 mln.) metrni tashkil etadi.

Muddat qachongacha?

Infratuzilma asosiy yo‘l bilan birga, piyodalar, velosiped hamda tramvay yo‘laklarini o‘z ichiga oladi. Ular atrofida yashil hududlar yaratiladi. Uning birinchi bosqichi 2026-yil oxirigacha, ikkinchi bosqichi esa 2027−2029-yillarda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, hududda poytaxt bilan integratsiyalashgan metro bekati va 3 ta yerosti avtoturargohlarini qurish rejalashtirilgan. Bahrom Rizayev taqdim etgan loyiha slaydiga ko‘ra, 6 metr chuqurlikdagi har bir yerosti avtoturargohining umumiy maydoni 25 ming kv. metrni tashkil etadi.

Elektromobillar uchun 22 ta quvvatlash stansiyasi 

Bitta “parkovka” bir vaqtning o‘zida 230 ta avtomobil hamda 30 ta mototsikl (skuter) ni sig‘dira oladi. Piyodalar va velosipedchilar uchun bu yerda 4 tomonlama yer osti yo‘laklari qurilib, elektromobillar uchun 22 ta quvvatlash stansiyasi o‘rnatiladi.

Shu bilan birga, yerosti avtoturargohlarida hojatxonalar, savdo do‘konlari hamda velosiped ijarasi punktlarini tashkil etish belgilangan.

Hududning 1,2 gektar maydonida 220/35 kV. quvvatga ega podstansiya va 14 km. uzunlikdagi elektr tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan. Loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilib, uning natijasida podstansiya 200 MWt. quvvat bilan ta’minlashi kutilmoqda.

Hozirda uchta generatsion markaz (qozonxona) qurilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichi 2025−2026-yillarda, ikkinchi bosqichi esa 2029−2030-yillarda yakunlanadi.

Yerosti muhandislik tarmoqlari 

Shuningdek, hududda 40 km. uzunlikdagi maydonda yerosti muhandislik tarmoqlari — elektr energiyasi, telekommunikatsiya tizimlari va ichimlik suv quvurlari joylashtiriladi. Birinchi bosqichda 20 km. uzunlikdagi galereya qurilishi ko‘zda tutilgan.

Forumda Xitoy kompaniyalari va investorlar “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida o‘z texnologiyalari va tajribalarini tatbiq etish niyatini bildirgani qayd etildi. Xususan, moliyaviy va texnik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha aniq takliflar berildi.

Теги :
Jamiyat