$
 11825.40
-5.47
€
 13483.32
32.8
₽
 140.34
1.07
weather
+26
Кечаси   +14°

Saudiya Arabistonining yadro rejasi AQShni xavotirga soldi

yadro

AQSh razvedka hamjamiyati Ar-Riyod yadro qurolini yaratish imkoniyatidan voz kechmagan, degan xulosaga keldi. Bu Kongressga taqdim etilgan maxfiy hujjatlarda keltirilgani haqida amerikalik rasmiylar The Washington Post’ga ma’lum qildi.

Uranni boyitish 20 foizgacha yetishi mumkin

AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi kelishuv Amerika kompaniyalariga qirollikda o‘nlab milliard dollarlik yadro loyihalarida qatnashish imkonini beradi. Dastlab uranni boyitish darajasi 5 foizdan past bo‘lishi kerak. Ammo qo‘shimcha tadqiqotlar va yozma kelishuvdan keyin bu ko‘rsatkichni 20 foizgacha oshirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.

Ayrim amerikalik qonunchilar va ekspertlarni aynan shu jihat xavotirga solmoqda. Ularning fikricha, yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarish imkoniyati keyinchalik qurol yaratish yo‘lidagi texnik imkoniyatlarni kengaytirishi mumkin.

Saudiya Arabistoni hukumati The Washington Post savollariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermagan. Buning o‘rniga energetika vaziri Abdulaziz bin Salmonning avvalgi bayonotini taqdim etgan. Unda mamlakat yadro dasturi tinch maqsadlarda, yuqori mas’uliyat va shaffoflik asosida olib borilishi aytilgan.

AQSh Davlat departamenti ham kelishuvni qo‘llab-quvvatlashini, biroq Saudiya Arabistonining yadro quroli yaratish dasturini qo‘llamasligini bildirgan.

Ekspertlarni MAGATE nazorati masalasi xavotirga solmoqda

Kelishuvdagi yana bir bahsli jihat — Saudiya Arabistonidan MAGATEning kengaytirilgan tekshiruvlariga imkon beruvchi “Qo‘shimcha protokol”ga amal qilish talab etilmayotgani. Ekspertlarning xavotiriga ko‘ra, bunday sharoitda agentlik deklaratsiya qilinmagan obyektlarda yashirin yadroviy faoliyat bor-yo‘qligini to‘liq tekshirishda cheklovlarga duch kelishi mumkin.

Yadro quroli tarqalishining oldini olish bo‘yicha 20 nafar ekspert, jumladan MAGATEning sobiq bosh direktori Hans Bliks Kongressga maktub yo‘llab, bunday yondashuvni tanqid qilgan.

Xavotirlarga Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning 2018-yildagi bayonoti ham sabab bo‘lmoqda.

“Shubhasiz, agar Eron yadro bombasini yaratsa, biz ham imkon qadar tezroq shunday yo‘l tutamiz”, — degan edi Muhammad bin Salmon.

Ar-Riyod ortidan boshqa davlatlar ham shu yo‘lga o‘tishi mumkinmi?

AQSh va Saudiya Arabistoni energetika vazirlari 22-iyul kuni kelishuv imzolanganini e’lon qilgan. Yadro qurolini tarqatmaslik siyosati bo‘yicha ta’lim markazi — NPEC direktori Genri Sokolskiy o‘shandayoq kelishuvning mintaqaviy oqibatlaridan ogohlantirgan.

Uning fikricha, Saudiya Arabistoniga uranni boyitish imkoniyati berilsa, BAA, Turkiya va Misr ham shunga o‘xshash imkoniyatlarga intilishi mumkin. Ekspertlar shu sabab AQSh–Saudiya kelishuvi Yaqin Sharqda yangi yadroviy qurollanish poygasi xavfini kuchaytirishidan xavotirda.

Теги :
Jamiyat