2024-yilda korxonalardagi xavfsizlik qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida 44 ta baxtsiz hodisa qayd etildi. Ulardan 19 tasi o‘lim bilan yakunlangan
Tekshiruvlar davomida aniqlanishicha, aksariyat hollarda xavfli ishlab chiqarish obyektlari rahbarlari va xodimlari orasida xavfsizlik bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmalar yetishmagan.
2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil davomida O‘zbekiston sanoat, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik sohasida 44 ta baxtsiz hodisa qayd etildi. Ulardan 19 tasi, afsuski, o‘lim bilan yakunlangan. Ushbu hodisalarning sabablari maxsus tekshiruvlarda aniqlanib, xavfsizlik choralarini kuchaytirishga bo‘lgan ehtiyoj yana bir bor tasdiqlandi. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Bekzod Berdiev ma’lum qildi.
Xavfsizlikni mustahkamlashga doir yangi choralar
O‘tgan yilda xavfsizlik sohasini rivojlantirish va tartibga solish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan:
• Sanoat xavfsizligi sohasida 10 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi;
• Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida va madaniyat-istirohat bog‘larida 9384 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi;
• 950 ta tekshiruv o‘tkazilib, 2964 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Ushbu buzilishlarni bartaraf etish uchun 749 ta yozma ko‘rsatma va 126 ta ma’lumotnoma berildi.
Shuningdek, 33 ta holatda xavfsizlik talablarini buzish huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qilingan. Qonunbuzarliklar tufayli 624 nafar rahbar va muhandis-texnik xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Xavfli obyektlarda aniqlangan kamchiliklar
Tekshiruvlar davomida xavfli ishlab chiqarish obyektlarida bir qancha muammolar aniqlangan:
• Ba’zi obyektlarda xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmagan;
• 10 ta holatda ish va obyektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan;
• Xavfli ishlab chiqarish obyektlari rahbarlari va xodimlari orasida bilim yetishmasligi aniqlangan. Jumladan, 3 613 nafar xodim qayta tayyorlash uchun yo‘naltirilgan.
Istirohat bog‘lari va liftlar xavfsizligi
Madaniyat-istirohat bog‘larida joylashgan 2120 ta attraksionning 82 tasi nosoz deb topilib, demontaj qilindi. Shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatilmagan yoki ruxsatnomasiz ishlayotgan 965 ta liftda kamchiliklar aniqlanib, 162 tasi to‘liq to‘xtatib qo‘yildi. Bu esa aholining kundalik xavfsizligini ta’minlash masalasi dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Avvalroq, Statistika ma’lumotlariga tayanib, O‘zbekistonda attraksionlar bilan bog’liq 5 yil davomida 14 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan va buning oqibatida 4 nafar insonning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan.
Xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston xalqaro xavfsizlik talablarini kuchaytirish borasida bir qator loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Atom energiyasi bo‘yicha Xalqaro agentlik (MAGATE) bilan hamkorlikda radiatsiya xavfsizligini oshirishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyiha doirasida xavfli materiallar va obyektlarni nazorat qilish tizimi rivojlantirilmoqda.
Shuningdek, “Kimyoviy qurolni taqiqlash to‘g‘risida”gi Konvensiya doirasida “Navoiazot” aksiyadorlik jamiyatida inspeksiya o‘tkazilib, konvensiya talablariga mos deb topilgan.
2025-yilda esa “Yagona integratsiyalashgan ekotizim” axborot tizimini joriy etish, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik bo‘yicha yangi ilmiy-texnik markaz ochish kabi qator chora-tadbirlar rejalashtirilgan.



