$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Hujjatsiz qurilgan uylarni qonuniylashtirishning aniq tartib-tamoyillari bormi?

kadastr

Adliya vazirligi tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Adliya vazirligi mutasaddilari ishtirok etib, hujjatsiz qurilgan uylarni qonuniylashtirishning aniq tartib-tamoyillari, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar va ularda qurilgan ko‘chmas mulklarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish jarayonlari haqida ma’lumot berdi

Mahallalarda xatlov ishlari boshlandi

Hozirda 2024-2025-yillar uchun tasdiqlangan reja-grafik asosida mahallalarda kadastr xodimlari tomonidan xatlov ishlari boshlandi. Ya’ni, Kadastr agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil noyabr—dekabr oylarida 901, 2025-yilda esa 2 ming 980 mahallada xatlov ishlari amalga oshiriladi. Keyinchalik, 2026-2027-yillarda qolgan mahallalarda reja-grafik asosida xatlov davom etadi.

Tartib haqida batafsil tushuntirish berildi

Soha mutaxassislari tomonidan hujjatsiz qurilgan uylarni qonuniylashtirishning aniq tartib-tamoyillari haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Qonunga ko‘ra, 8 ta holatdagi yer uchastkalariga va ularda qurilgan binolar uchun huquqlar rasmiylashtiriladi:

2018-yil 1-mayga qadar o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan uy-joylar; ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan binolar; “Bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan uy-joylar; 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimi qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat darajasida tasdiqlanmagan yerlar; bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turarjoylar hamda ular egallagan yerlar; kichik sanoat zonalariga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yerlari; davlat orderi bilan xususiylashtirilgan; hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yerlar.

Mutaxassis tavsiyalari

Adliya vazirligi mutasaddilari o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar va undagi ko‘chmas mulklarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish jarayonlariga oid tavsiyalarni berib o‘tdi.

Birinchidan, hujjatsiz yerlarga nisbatan tegishli hujjatlarni pul evaziga turli yo‘llar bilan rasmiylashtirib berishni taklif etadigan “firibgarlar”ga aldanib qolmasdan, bu kabi holatga duch kelganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga darhol xabar berish kerak.

Ikkinchidan, mahallalarda xatlov o‘tkazish bo‘yicha reja-jadval bilan tanishib chiqib, mahallada xatlov o‘tkaziladigan sana haqida xabardor bo‘lish lozim.

Uchinchidan, xatlov o‘tkaziladigan kunlarda imkon qadar xonadonda bo‘lib, vakolatli tashkilotlarga mavjud bo‘lgan hujjatlarni ko‘rsatish kerak.

To‘rtinchidan, ma’lumotlar jamoatchilikka e’lon qilinganda ular bilan tanishib, e’tirozlar bo‘lsa, 1 oy muddatda tegishli tashkilotlarga shikoyat qilish kerak.

Beshinchidan, yer va mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lsa, ularni to‘lash choralarini ko‘rish kerak.

Oltinchidan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va binolarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish maqsadga muvofiq deb topilganligi to‘g‘risida xabarnoma kelgandan so‘ng, belgilangan muddatdan kechiktirmasdan bir martalik to‘lovlarni to‘lash kerak.

Теги :
Jamiyat