$
 12195.50
15.63
 14049.22
-30.71
 149.71
1.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Texnologiya ortidagi yashirin dunyo: Tarixdagi eng mashhur TOP—5 kiberjinoyatchilar

xaker

Bugungi kunda xakerlar haqida deyarli hamma eshitgan. Lekin 90-yillarning o‘rtalarigacha bunday odamlar haqida ko‘pchilik deyarli bilmas edi. O‘sha paytda kompyuterlar ham keng tarqalmagan, hukumat tizimlariga buzib kirish haqidagi gaplar esa ko‘proq ilmiy fantastika kabi eshitilardi. Aslida xakerlik tarixi 70-yillarda, birinchi shaxsiy kompyuterlar paydo bo‘la boshlagan davrda boshlangan. Keyinchalik Anjelina Joli rol o‘ynagan “Hackers” filmi chiqqach, butun dunyo nihoyat bunday odamlar haqida ko‘proq bilib oldi.

Dastlab xakerlar faqat yomon niyat bilan ishlagan deb o‘ylash noto‘g‘ri. Avval AQSh hukumati dasturiy ta’minot xavfsizligini tekshirish uchun dasturchilardan iborat Tiger Team degan guruh tuzgan. Ular tizimlarga buzib kirib, zaif joylarini topishlari kerak bo‘lgan. Bugungi kunda bunday mutaxassislar “white hat” xakerlar deb ataladi. Ularning vazifasi tizimlarni sinab ko‘rish va himoyani kuchaytirish. Vaqt o‘tishi bilan esa boshqa turdagi xakerlar paydo bo‘ldi. Kulrang xakerlar ko‘pincha shunchaki qiziqish yoki o‘yin uchun tizimlarga kirsa, qora xakerlar pul ishlash yoki tizimlarni buzish uchun xakerlik qiladi. Quyida tarixda nom qoldirgan eng mashhur xakerlar haqida ma’lumotlarni jamladik.

Axborot erkinligi uchun kurashgan xaker

Aaron Shvarts dasturlash olamidagi eng iste’dodli yoshlar qatoriga kirgan. U mashhur Reddit ijtimoiy tarmog‘ining rivojlanishida ham ishtirok etgan. Aaron internetdagi bilimlar hamma uchun ochiq bo‘lishi kerak deb hisoblagan va ilmiy hamda o‘quv materiallarini bepul foydalanishga ochishga harakat qilgan.

2008-yilda u AQSh federal sud tizimining ommaviy xizmatidan juda ko‘p hujjatlarni yuklab olgan. 2010-yilda esa Massachusetsdagi yirik universitet kutubxonasidan 5 millionga yaqin ilmiy maqolani ko‘chirib oladi. Biroq bu ishlar jinoyat sifatida baholanadi. 2011-yilda Aaron hibsga olinadi va unga juda jiddiy ayblovlar qo‘yiladi. Agar sud hukmi chiqsa, u 50 yilgacha qamoq va 1 million dollar jarima to‘lashi mumkin edi. Bosimlar sabab 2013-yilda u o‘z joniga qasd qiladi. Oradan ikki yil o‘tib, 2015-yilda Aaron Shvarts internet erkinligi uchun qilgan ishlari sabab Internet shon-shuhrat zaliga kiritildi.

Yuz minglab kompyuterlarni boshqargan xaker

Jinson Jeyms Ancheta butun dunyo bo‘ylab oddiy foydalanuvchilar va yirik kompaniyalarning 400 mingdan ortiq kompyuterini nazoratga olgani bilan mashhur bo‘lgan. U bu kompyuterlarga zararli reklama dasturlarini o‘rnatib, pul ishlagan. Bundan tashqari, nazoratidagi kompyuterlarni boshqa xakerlarga ham sotgan. Bunday kompyuterlar odatda “zombi kompyuterlar” deb ataladi.

Oddiy foydalanuvchilar kompyuterlariga kirish uchun u hatto dasturiy ta’minot o‘rnatuvchi sifatida ishga ham kirgan. Ancheta asosan botnet tarmoqlari orqali ishlagan. Shu sabab u tarixda botnetdan foydalangani uchun qamoqqa olingan birinchi xaker bo‘ldi. Sud unga 5 yil qamoq jazosi va 75 ming dollar jarima belgilagan.

Telefon tarmoqlarini buzish ustasi

Kevin Poulsen yoki Dark Dante taxallusi bilan tanilgan xaker xakerlikni juda yoshligidan boshlagan. U 17 yoshida UCLA universiteti tarmog‘ini buzib kirgan. Lekin u hali voyaga yetmagan bo‘lgani uchun qamoqqa olinmagan, faqat ogohlantirish bilan qutulgan. Shunga qaramay, Kevin keyinchalik ham xakerlik bilan shug‘ullanishda davom etgan.

Uning eng sevimli “nishoni” telefon tarmoqlari bo‘lgan. Kevin telekommunikatsiya tizimlariga kirib, telefonlarni tinglash, maxfiy ma’lumotlarni topish va turli telekonferensiyalarga noqonuniy ulanish bilan shug‘ullangan. U hatto hukumat resurslariga ham hujum qilgan, jumladan Pentagon tizimlaridan biri bo‘lgan ARPANet tarmog‘iga kirishga harakat qilgan. Kevinning eng mashhur jinoyatlaridan biri Los-Anjelesdagi KIIS-FM radiostansiyasi tizimini buzib kirishi bo‘lgan. Shu yo‘l bilan u avtomobil va ko‘plab qimmat sovrinlarni qo‘lga kiritgan.

Yirik kompaniyalarga hujum qilgan o‘smir

Maykl Kals bugungi kunda oddiy fuqaro va kiberxavfsizlik mutaxassisi sifatida ishlaydi. Ammo 2000-yilda u internet tarixidagi eng shov-shuvli kiberhujumlardan birini uyushtirgan. U Ebay, Amazon, Yahoo, CNN va Dell kabi dunyoning eng yirik kompaniyalariga qarshi DDoS hujumlari uyushtiradi. Bunday hujumlar serverlarga juda ko‘p so‘rov yuborib, tizimni ishlamay qolishiga olib keladi.

Maykl bu hujumni “Revolta” deb atagan. Revolta so‘zi “isyon” degan ma’noni bildiradi. Hujum paytida u Yahoo saytini bir soat davomida to‘liq o‘chirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Dell tizimi esa eng qiyin nishon bo‘lgan va uni to‘liq to‘xtatish oson bo‘lmagan. Bu voqea katta jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan va kiberxavfsizlik sohasida yanada qat’iy qonunlar joriy etilishiga olib kelgan. Qizig‘i, bu hujumlarni qilgan paytda Maykl 18 yoshga ham to‘lmagan edi. Shu sabab unga atigi 8 oy qamoq jazosi berilgan.

Pentagon tarmog‘iga kirgan britaniyalik o‘smirlar

Britaniyalik o‘smirlar Metyu Bevan va Richard Prays ham xakerlik tarixida o‘z nomini qoldirgan. Ular o‘tgan asr oxirida bir nechta harbiy tarmoqlarga buzib kirishga muvaffaq bo‘lgan. Hatto Pentagon tarmog‘iga kirib, Koreyadagi yadroviy qurol tizimlariga kirishga harakat qilganlari aytiladi.

Ularning bu “hazili” deyarli xalqaro mojaro kelib chiqishiga sabab bo‘lgan va hatto urush xavfi ham yuzaga kelgan. Biroq keyinchalik noma’lum sabablar bilan ularga qo‘yilgan barcha ayblovlar bekor qilingan. Shunga qaramay, bu voqea maxfiy tizimlar xavfsizligini kuchaytirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatib berdi va ko‘plab davlatlar kiberxavfsizlik choralarini yanada kuchaytirishga majbur bo‘ldi.

Теги :
Jamiyat