Aholi yashash joyiga kirib qolgan yovvoyi hayvonlar endi himoya ostida
Ushbu masala yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqib, tasdiqlanishi kutilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Ushbu masala yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqib, tasdiqlanishi kutilmoqda.
Yovvoyi hayvonlar “tashrif”lari ko‘paymoqda
So‘nggi yillarda aholi punktlariga yovvoyi hayvonlarning kelib qolish xavfi ko‘payib bormoqda. Bu esa yovvoyi hayvonlar tomonidan fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga hamda mol-mulkiga, yovvoyi hayvonlarning hayotiga ham zarar yetkazilishi xavfi ortib, ularning o‘limiga sabab bo‘lib qolmoqda. Xususan, joriy yilning 15-may kunida, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Jannatmakon” MFY hududiga ayiq kelib qolib, ichki ishlar xodimiga tan jarohati yetkazgan hamda maktabga kirib qolgani tufayli otib o‘ldirilgan.
Qizil kitobga kiritilgan ayiq
2016-2024-yillar oralig‘ida, Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i 6 marta aholi punktlariga kelib qolgan. Ma’lumot uchun, ushbu ayiq turi O‘zbekistonning Qizil kitobiga, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining “Qizil ro‘yxati”ga yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi tur sifatida hamda Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna hamda flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi Konvensiya (SITES)ning I ilovasi ro‘yxatiga kiritilgan.
Qonunning maqsadi
Yangi qonun loyihasi esa yovvoyi hayvonlarni tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitga tushib qolganda himoya qilish, qutqarish va jonsizlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda. Ushbu qonun, aholi punktlariga kirib qolganda ularni himoya qilish va qutqarish, veterinariya yordami ko‘rsatish hamda yovvoyi hayvonlardan fuqarolarning sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish borasida davlat organlari xodimlarining harakatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek bu kabi holatlarda fuqarolarning o‘zlarini qanday tutishlari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilmoqda.



