$
 11952.73
15.13
 14021.75
60.73
 159.48
0.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Fojiaga aylangan dengiz sayohati Atlantikadagi kruizda noma’lum kasallik tarqaldi

virus

Odatda kruiz sayohatlari dam olish, sarguzasht va go‘zal manzaralar bilan esda qoladi. Ammo bu safar Atlantika okeanida suzayotgan bir kema ichida kutilmagan va xavotirli holat yuz berdi. Bir nechta yo‘lovchi og‘ir nafas yo‘llari kasalligiga chalinib, hatto o‘lim holatlari ham qayd etildi. Hozir bu voqea xalqaro darajada tekshirilmoqda. 

Xo‘sh, odamlarda qanday kasallik aniqlandi? 

Kema ichida kasallik tarqaldi

Argentinaning Ushuaya shahridan yo‘lga chiqqan MV Hondius nomli kruiz kemasi Kabo-Verde tomon harakatlanayotgan edi. Aynan shu safar davomida kemada og‘ir o‘tkir nafas yo‘llari kasalligi aniqlanib, kamida ikki kishi vafot etdi. Janubiy Afrika sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yana bir bemor Yoxannesburgdagi shifoxonada jonlantirish bo‘limida davolanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu holatdan xabardor ekanini bildirib, tekshiruvlar va xalqaro sog‘liqni saqlash choralarini boshlaganini ma’lum qildi.

Qurbonlar va bemorlar haqida

Kasallik birinchi bo‘lib 70 yoshli yo‘lovchida paydo bo‘lgan va u kemaning o‘zida vafot etgan. Uning jasadi hozircha Atlantikadagi Sankt-Yelena orolida saqlanmoqda. Oradan ko‘p o‘tmay uning 69 yoshli rafiqasi ham kasallanib, Janubiy Afrikaga olib ketilgan, biroq u ham Yoxannesburgdagi shifoxonada vafot etgan. Hozircha ularning millati rasman tasdiqlanmagan. Yana bir 69 yoshli britaniyalik yo‘lovchi ham kasallikka chalinib, og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, umumiy qurbonlar soni uch kishiga yetgan bo‘lishi mumkin, ular orasida gollandiyalik er-xotin ham borligi aytilmoqda. Shuningdek, yana ikki nafar bemorni Kabo-Verde shifoxonasida izolyatsiyaga olish masalasi muhokama qilinmoqda. Shundan keyin kema Ispaniyaning Kanar orollariga yo‘l olishi rejalashtirilgan.

Kasallikning kelib chiqish sababi 

Tekshiruvlar davomida Yoxannesburgda davolanayotgan bemorda hantavirus aniqlangan. Bu virus odatda kemiruvchilar — ayniqsa sichqon va kalamushlar orqali yuqadi. Ularning siydigi, najasi yoki tupugi bilan aloqa qilish, hatto ifloslangan changni nafasga olish ham infeksiya tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hantavirusning turli ko‘rinishlari bor va ular turlicha belgilar bilan kechadi, ayrim hollarda esa juda og‘ir oqibatlarga olib keladi. MV Hondius esa Gollandiyaning Oceanwide Expeditions kompaniyasiga tegishli bo‘lib, qutb kruizlari bilan tanilgan. Kema taxminan 170 yo‘lovchi va 70 nafar ekipaj a’zolarini sig‘dira oladi. Uning yo‘nalishi odatda Ushuayadan boshlanib, Janubiy Jorjiya va Sankt-Yelena orollari orqali Kabo-Verdega boradi. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, kema Kabo-Verdening poytaxti Prayaga yaqin hududda joylashgan. Kompaniya esa hozircha bu holat yuzasidan rasmiy javob bermagan.

Теги :
Jamiyat