$
 11783.47
-14.45
 13688.86
-51.0
 139.70
1.7
weather
+26
Кечаси   +14°

2027-yildan ota-onalarning ayrim xarajatlarini davlat o‘z zimmasiga oladi

pul

2027-yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun yangi yordam tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Unga ko‘ra, oilalarning farzandlari uchun bog‘cha puli, maktab o‘quvchilarining qo‘shimcha ta’lim va yo‘lkira xarajatlari, talabalarning esa yotoqxona yoki ijara puli vaucher orqali qoplab beriladi. Ayrim vaucherlar 12 oy davomida amal qiladi.

Xo‘sh, kimlarga shunday imkoniyatlar beriladi?

Bog‘cha puli bir yilgacha qoplab beriladi

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlari bog‘chaga borsa, ular uchun to‘lanadigan pulni qoplashga yordam beriladi. Bu imkoniyat davlat bog‘chalari bilan cheklanib qolmaydi, tegishli talablarga javob beradigan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan foydalanilganda ham vaucher berilishi mumkin.

Bog‘cha uchun vaucher 12 oy muddatga ajratiladi. Shu davr ichida oilaning moddiy ahvoli yaxshilanib, u Ijtimoiy reyestrdan chiqarilgan taqdirda ham, avval berilgan vaucher darhol bekor qilinmaydi. Oila undan belgilangan muddat tugaguncha foydalanishda davom etishi mumkin.

Bunda pul ota-onaning qo‘liga naqd shaklda berilmaydi. Bog‘cha bolaga xizmat ko‘rsatgani tasdiqlangach, tegishli mablag‘ davlat budjetidan ta’lim tashkilotiga to‘lab beriladi.

O‘quvchining qo‘shimcha ta’limi va yo‘lkirasiga ham yordam beriladi

Yangi tizim maktab yoshidagi bolalarni ham qamrab oladi. Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning maktabda o‘qiyotgan farzandlari qo‘shimcha ta’limga jalb qilinsa, buning uchun ketadigan xarajatlarning bir qismini davlat qoplab beradi.

Bundan tashqari, bolaning o‘qish yoki qo‘shimcha ta’limga qatnashi uchun yo‘lga sarflaydigan puli ham e’tibordan chetda qolmaydi. Borib-kelish xarajatlarini qoplash uchun ham yordam ko‘zda tutilgan. Bu, ayniqsa, maktabi yoki mashg‘uloti uyidan uzoqda bo‘lgan oilalar uchun qo‘shimcha yengillik bo‘lishi mumkin. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil qiladi.

Talabaning yotoqxona yoki ijara puli ham qoplanadi

Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning oliygohda o‘qiyotgan farzandlari uchun ham alohida yordam ko‘zda tutilgan. Agar talaba davlat oliy ta’lim muassasasida kunduzgi shaklda o‘qisa, uning yashash bilan bog‘liq ayrim xarajatlari qoplab beriladi.

Masalan, talaba yotoqxonada yoki davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan talabalar turar joyida yashasa, buning uchun to‘lanadigan mablag‘ni qoplashga yordam beriladi. Yotoqxonadan joy topolmay, xususiy uyda ijarada yashayotgan talabalar ham ijara xarajatlarini qoplash imkoniyatidan foydalanishi mumkin.

Bu yo‘nalishdagi vaucher ham 12 oy davomida amal qiladi. Yotoqxonada yashash uchun ajratiladigan mablag‘ talabaning ijtimoiy kartasiga davlat budjetidan o‘tkaziladi.

Endi faqat oilaning daromadiga qaralmaydi

2027-yil 1-yanvardan oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritishda yondashuv ham o‘zgaradi. Avvalgidek faqat oilaning daromadi asosiy mezon bo‘lib qolmaydi. Oilaning haqiqiy sharoiti va qo‘shimcha xarajatlariga sabab bo‘ladigan holatlar ham hisobga olinadi.

Masalan, oilada surunkali kasalligi yoki nogironligi bo‘lgan inson borligi, ko‘p bolalilik, oila a’zolaridan birining chet elda mehnat migratsiyasida ekani kabi omillar ham baholanadi. Ya’ni qog‘ozdagi daromad oilaning real ahvolini to‘liq ko‘rsatmasa, boshqa sharoitlar ham inobatga olinadi.

Vaucherlar mahalla yettiligi tasdiqlagan individual reja yoki bolaning qonuniy vakili qilgan murojaat asosida shakllantiriladi.

Теги :
Jamiyat