$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“Vatandosh” guvohnomasi va kartasi joriy etilmoqda

Vatan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

Vatandosh tushunchasi

Qaror xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash, tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish, milliy oʻzligini saqlab qolish va ular bilan doimiy muloqotni kengaytirishga qaratilgan.

“Vatandosh” tushunchasi sifatida – kelib chiqishi Oʻzbekiston hududidan boʻlgan yohud etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan oʻzini oʻzbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan, Oʻzbekiston Respublikasi bilan madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgan shaxslar va ularning avlodlari tushunilmoqda.

Guvohnoma va karta

Hujjat bilan vatandoshlarga qoʻshimcha huquq va imtiyozlar beradigan “Vatandosh” guvohnomasi hamda “Vatandosh” kartasi joriy etilmoqda.

“Vatandosh” guvohnomasi – yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan xorijdagi vatandoshlarga beriladi hamda “Vatandosh kartasi”ni olish uchun asos boʻladi. “Vatandosh” kartasi – 5 yilgacha muddatga ID-karta shaklida rasmiylashtiriladi.

Guvohnoma va kartaning imkoniyati qanday?

Guvohnoma va karta Oʻzbekistonda aksiya (ulush) sotib olgan, xorijiy yoki qoʻshma korxona tashkil qilgan, yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, xalqaro imiji yanada yuksalishiga hissa qoʻshgan vatandoshlarga beriladi.

Bunda, ushbu guvohnoma va kartaga ega boʻlgan vatandoshlarga quyidagi huquq va imtiyozlar beriladi:

·       Oʻzbekiston hududiga vizasiz kirish va chiqish;

·       Oʻzbekiston hududida ishlash huquqini tasdiqlovchi hujjatsiz mehnat faoliyatini olib borishda Oʻzbekiston hududida yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;

·       koʻchmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan koʻchmas mulk miqdorlari tatbiq etilmaydi;

·       oʻzi va oila aʼzolariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, taʼlim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;

·       oila aʼzolariga davlat bojisiz koʻp martalik viza olish va uning amal qilish muddatini Oʻzbekiston hududidan chiqmasdan uzaytirish;

·       oila aʼzolarini vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishda davlat bojidan ozod qilish.

“Vatandosh” qanday olish mumkin?

“Vatandosh” guvohnomasini berish toʻgʻrisidagi qaror idoralararo kollegial organ – Komissiya tomonidan qabul qilinadi.

Mazkur qaror bilan belgilangan huquq va imtiyozlar mamlakatimiz taraqqiyotiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshayotgan vatandoshlarimizni ragʻbatlantirish boʻyicha tizimli ishlarning mantiqiy davomidir.

Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, qarordan kelib chiqadigan qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish kiritish yuzasidan masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Теги :
Jamiyat