$
 12141.94
26.97
 14289.85
29.32
 162.63
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Uy narxlari “muzlaydimi”? Markaziy bank yaqin yillar uchun prognoz berdi

uy-joy

Yaqin 2–3 yil ichida O‘zbekistonda uy-joy bozori barqaror qolishi mumkin. Markaziy bank prognoziga ko‘ra, uy narxlarida keskin o‘sish yoki qulash kutilmayapti.

Markaziy bank boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sunnatilla Xolmurodovning YouTube’dagi intervyusida aytishicha, hukumat uy-joyga bo‘lgan talabni qoplash uchun qurilish hajmlarini oshirishni davom ettirmoqda. Bu esa bozordagi narxlarni nisbatan barqaror ushlab turishga yordam berishi kutilmoqda.

Hukumat qurilish hajmini har yili oshirmoqchi

Markaziy bank vakiliga ko‘ra, 2030-yilgacha mamlakatda har yili qurilayotgan uy-joylar sonini qo‘shimcha 10 mingtagacha oshirib borish rejalashtirilgan. Faqat 2026-yilning o‘zida tegishli vazirlik va idoralarga 140 mingdan ortiq kvartira va uylarni foydalanishga topshirish vazifasi yuklatilgan.

Shu bilan birga, Markaziy bank bozorda talabni oshirayotgan omillar ham saqlanib qolayotganini ta’kidlamoqda. Xususan, demografik o‘sish va ipoteka dasturlarining kengayishi uy-joy bozoriga ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.

Banklar va davlat yangi ipoteka mahsulotlarini tayyorlamoqda

Xolmurodovning aytishicha, hozir Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi hamda tijorat banklari yangi ipoteka mahsulotlarini ishlab chiqmoqda. Kutilishicha, bu uy-joyga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlash va bozordagi muvozanatni saqlashga yordam beradi.

“Yaqin yillarda biz uy-joy narxlarining keskin oshishi yoki tushishini emas, balki barqaror darajasini ko‘rishimiz ehtimoli yuqori”, — dedi Markaziy bank vakili.

Ipoteka rekordlarni yangilamoqda

2025-yilda O‘zbekiston banklari 70,4 ming fuqaroga umumiy 21,2 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratgan. Markaziy bank bu ko‘rsatkichni tarixiy rekord deb atadi. O‘tgan yil davomida mamlakatda 135 mingta kvartira va uy qurilgan. Shundan 43,6 mingtasi yoki 33 foizi bank kreditlari hisobidan bunyod etilgan.

Uy narxlari allaqachon barqarorlasha boshlagan

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil davomida uy-joy bozorida narxlar o‘sishi sekinlashgan. Xususan, birlamchi bozorda uy narxlari 4,4 foizga, ikkilamchi bozorda esa 5,9 foizga pasaygan. Regulyator buni bozordagi taklif hajmining ortishi, shuningdek, aholi daromadlari va nominal ish haqlarining o‘sishi bilan izohlamoqda.

Umumiy ipoteka hajmi 79 trillion so‘mdan oshdi

2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, aholining banklardagi umumiy ipoteka qarzlari 79,4 trillion so‘mga yetgan. Shu bilan birga, ipoteka kreditlarining 81 foizi davlat qo‘llovi asosida, qolgan қисми эса banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan. 2025-yilda davlat ipoteka kreditlari yillik 18 foizgacha, tijorat banklari ipotekalari esa 23,4 foizgacha stavkalarda berilgan. Natijada mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ipoteka stavkasi 21 foiz atrofida shakllangan.