$
 12694.97
40.84
 14878.50
60.51
 161.60
0.42
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Noyabr oyida uy-joy bozorida narxlar qanday o‘zgardi?

uy joy

Toshkent shahri va viloyati uy-joy bozorida yetakchilikni saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, boshqa hududlarda ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlarda kichik o‘zgarishlar bo‘lishiga qaramay, yillik 6% dan ortiq o‘sish ushbu segmentdagi ijobiy tendensiyalarga ishora qilmoqda.

Uy-joy bozori holatining tahlili

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi uy-joy bozoridagi holatga oid o‘zining navbatdagi tahlilini taqdim etdi.

2024-yil noyabr oyida uy-joy bozori ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Savdo bitimlari 21,9 mingni tashkil etdi, bu oktyabr oyiga nisbatan 2,5% ga ko‘p. Yillik ifodada esa ushbu sektorda faollik 0,8% ga oshgani qayd etilgan.

Hududiy tahlil

Uy-joy savdosi bo‘yicha o‘sish tendensiyalari noyabr oyida O‘zbekistonning turli hududlarida kuzatilib, ayniqsa Xorazm (15,6%) va Buxoro (8,4%) viloyatlarida sezilarli o‘sish qayd etildi.

Toshkent shahri esa mamlakatdagi uy-joy bozorining 30% dan ortig‘ini egallab, faollik bo‘yicha 9,3% o‘sish ko‘rsatgan.

Ikkilamchi uy-joy bozori tahlili

Bir oy ichida ikkilamchi bozor narxlari deyarli o‘zgarmadi, faqatgina 0,3% ga o‘sdi. Yillik ko‘rsatkich esa 6,2% ni tashkil etdi.

Hududlar kesimida eng katta narx o‘sishi Surxondaryo viloyatida (18,1%), Buxoro viloyatida (11,9%) va Qashqadaryo viloyatida (10,2%) kuzatildi.

Eng arzon ikkilamchi uy-joy esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi 333 AQSh dollarini tashkil etadi.

Toshkentda ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha narxi oy davomida atigi 0,2% ga oshib, 1,1 ming dollarni tashkil etdi. Shahar tumanlari kesimida narxlarning sezilarli o‘sishi Bektemir (4,4%), Yashnobod (2,4%) va Shayxontohur (2,2%) tumanlarida qayd etildi.

Yillik ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston bo‘ylab ikkilamchi bozorda kvadrat metr narxi o‘rtacha 6,2% ga o‘sgan bo‘lsa, Toshkentda narxlar 1,5% ga pasaygan.

Uy-joy ijarasi bozorining tahlili

Toshkentdagi uy-joy ijarasi bozorida noyabr oyida stagnatsiya kuzatildi. Kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,3 dollarni tashkil etib, iyun oyidagi ko‘rsatkichga mos keldi.

Shaharning markaziy tumanlari — Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxlari yuqoriligicha qolmoqda. Bu hududlarda kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 10-11 dollarni tashkil qiladi.

Yillik ko‘rsatkichlar bo‘yicha Toshkentda o‘rtacha ijara narxlari 10,7% ga pasaygan. Eng katta pasayish Uchtepa (14,5%), Yashnobod (14,3%) va Yunusobod (13,8%) tumanlarida qayd etilgan.

Теги :
Jamiyat