$
 11797.46
22.54
 13608.37
20.11
 139.77
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent yerlarining bahosi osmonda: Bir sotix hovli 1,7 mlrd so‘mgacha yetmoqda

uy

O‘zbekistonda uy-joy narxi hududga qarab juda katta farq qilmoqda. Bir shaharda kvartiraning bir kvadrat metri 5–6 mln so‘m atrofida bo‘lsa, Toshkentning ayrim tumanlarida bu raqam 25 mln so‘mdan ham oshgan. Hovlilarda esa farq yanada katta — poytaxtda bir sotix yerning o‘zi 1,7 mlrd so‘mgacha yetmoqda.

Urbanizatsiya qo‘mitasi ilk bor O‘zbekistonning 35 ta shahar va tumanidagi kvartira va hovlilarning o‘rtacha bozor narxlarini o‘rgandi. Hisob-kitoblar elektron savdo platformalaridagi ko‘chmas mulk e’lonlari asosida qilingan.

Toshkentda eng qimmat kvartiralar Shayxontohurda

2026-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi eng qimmat uy-joylar Toshkent shahrida. Poytaxtning o‘zida ham narxlar tumanlarga qarab sezilarli farq qiladi.

Kvartiralar bo‘yicha eng yuqori narx Shayxontohur tumanida qayd etilgan. Bu yerda ko‘pqavatli uydagi xonadonning bir kvadrat metri o‘rtacha 25,3 mln so‘m turadi. Oddiy hisobda 50 kvadrat metrli kvartira o‘rtacha narx bo‘yicha 1,2 mlrd so‘mdan oshadi.

Keyingi o‘rinda Mirobod tumani turibdi. Bu yerda bir kvadrat metr o‘rtacha 23,2 mln so‘m. Yakkasaroyda 20,5 mln so‘m, Mirzo Ulug‘bek tumanida esa 19,6 mln so‘m atrofida.

Hovli sotib olish esa bundan ham qimmatga tushishi mumkin. Mirzo Ulug‘bek tumanida bir sotix joyning o‘rtacha narxi 1,7 mlrd so‘mga yetgan. Yakkasaroyda bir sotix 1,64 mlrd so‘m, Yunusobodda esa 1,44 mlrd so‘m atrofida.

Samarqand poytaxtdan keyingi qimmat shaharlardan biri

Toshkentdan tashqariga chiqqanda narxlar pasayadi, ammo ayrim yirik shaharlarda uy-joy ancha qimmat. Samarqandda kvartiraning bir kvadrat metri o‘rtacha 11,8 mln so‘mga yetgan. Masalan, 60 kvadrat metrli kvartira shu o‘rtacha narxdan hisoblanganda 700 mln so‘mdan oshadi. Hovlilarda esa bir sotix yer o‘rtacha 472,1 mln so‘mga baholangan.

Navoiyda narxlar Samarqandga qaraganda pastroq. Shaharda kvartiraning bir kvadrat metri o‘rtacha 7,5 mln so‘m, hovlining bir sotixi esa 244,9 mln so‘m turadi.

Qashqadaryoda kvartiralar bo‘yicha Shahrisabz ajralib turadi. Bu yerda bir kvadrat metr o‘rtacha 7,6 mln so‘m. Hovli bo‘yicha esa Qarshida narx balandroq — bir sotix yer o‘rtacha 189,3 mln so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

Buxoro va Urganchda hovli narxlari ancha baland

Buxoroda ham ko‘chmas mulk arzon emas. Shaharda ko‘pqavatli uydagi kvartiraning bir kvadrat metri o‘rtacha 8,4 mln so‘m turadi. Hovli olishni istaganlar esa bir sotix uchun o‘rtacha 388,6 mln so‘m to‘lashi kerak.

Urganchda kvartiralar Buxoroga qaraganda arzonroq — bir kvadrat metr o‘rtacha 6,9 mln so‘m. Ammo hovli narxi ancha yuqori: bir sotix yer o‘rtacha 318,5 mln so‘m.

Termizda esa kvartiraning bir kvadrat metri 7,6 mln so‘m, hovlining bir sotixi 273,7 mln so‘m atrofida.

Chirchiqda kvartira, Qo‘qonda hovli qimmatroq

Toshkent viloyatidagi yirik shaharlarda ham narxlar bir-biridan farq qiladi. Chirchiqda kvartiraning bir kvadrat metri o‘rtacha 9 mln so‘mga yetgan. Yangiyo‘lda bu ko‘rsatkich 8,2 mln so‘m.

Angren va Olmaliqda kvartiralar bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 7,1 mln so‘mdan, Ohangaronda esa 6,6 mln so‘mdan taklif qilinmoqda. Hovlilar orasida Olmaliq qimmatroq — bir sotix o‘rtacha 129,7 mln so‘m.

Farg‘ona vodiysida esa Qo‘qon hovli narxlari bilan ajralib turadi. Shaharda bir sotix yer o‘rtacha 198,6 mln so‘mga baholangan. Marg‘ilonda kvartiraning bir kvadrat metri 5,6 mln so‘m, hovlining bir sotixi esa 123,5 mln so‘m. Nukusda ham kvartiraning bir kvadrat metri o‘rtacha 5,6 mln so‘m. Hovlining bir sotixi esa 98,3 mln so‘m atrofida.

Uy-joy savdosi ham tezlashmoqda

Uy-joy bozorida faqat narxlar emas, savdo hajmi ham e’tiborga tushmoqda. 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda uy-joy savdosi 21 foizga oshgan.

Eng katta o‘sish Toshkent shahrida kuzatilgan — 31,6 foiz. Sirdaryoda uy-joy savdosi 30,7 foizga, Navoiy viloyatida esa 25,5 foizga ko‘paygan. Ko‘chmas mulk savdosidagi o‘sish mamlakatning aksariyat hududlarida qayd etilgan.

Теги :
Jamiyat