$
 11802.19
-7.63
 13527.67
-41.81
 139.87
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Alisher Usmonovni sanksiyadan chiqarish taklif qilindi: Latviya esa bunga qarshi

usmanov

Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni Yevropa Ittifoqi sanksiyalaridan chiqarish, buning evaziga Rossiya bilan bog‘liq qariyb 3 ming shaxs va tashkilotga qo‘yilgan qolgan cheklovlarni birdaniga uch yilga uzaytirish taklif qilindi. Ko‘plab davlatlar bu murosaga rozi bo‘lishga tayyorligini bildirdi, lekin Latviya bunga qarshi chiqdi. Yevropa Ittifoqida bunday qaror barcha 27 davlatning roziligi bilan qabul qilinadi. Shu sabab Latviyaning qarshiligi kelishuvni to‘xtatib qo‘ydi. Fransiya va Slovakiya Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni so‘ramoqda.

Usmonov va Fridman chiqariladi, qolgan sanksiyalar uch yilga uzaytiriladi

Yevropa Ittifoqi Kengashiga raislik qilayotgan Irlandiya kelishmovchilikni hal qilish uchun yangi variant taklif qildi. Unga ko‘ra, Alisher Usmonov va Mixail Fridman sanksiyalar ro‘yxatidan chiqariladi, buning evaziga qolgan sanksiyalar 36 oyga uzaytiriladi.

Bu taklif qabul qilinsa, Yevropa Ittifoqi keyingi uch yil davomida sanksiyalarni muntazam ravishda qayta uzaytirib o‘tirmaydi. Bu muhim, sababi har safar sanksiyalar muddati uzaytirilayotganda barcha 27 davlatning roziligi talab qilinadi va bitta davlatning qarshiligi ham butun jarayonni to‘xtatishi mumkin.

Latviya sanksiyalarni uch yilga uzaytirishga qarshi chiqmadi, lekin buning evaziga Usmonov va Fridmandan cheklovlarni olib tashlashga rozi bo‘lmadi. Latviya bosh vaziri Andris Kulbergs bu shartni qabul qilib bo‘lmasligini aytdi va masalani muhokama qilish uchun hukumatning favqulodda yig‘ilishini chaqirdi.

Fransiya Usmonovni sanksiyadan chiqarishni so‘ramoqda

Fransiya va Slovakiya Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni so‘radi. Fransiyaning talabi esa Ozarbayjonda ushlab turilgan ikki fransuz fuqarosining ozod etilishi mumkinligi bilan bog‘lanmoqda. Diplomatlarning Reuters’ga aytishicha, Fransiya o‘z pozitsiyasini milliy xavfsizlik masalasi bilan izohlagan. Ozarbayjon esa Fransiyaga Usmonov bo‘yicha bosim o‘tkazgani haqidagi da’volarni rad etdi.

Euronews manbalariga ko‘ra, Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish Ozarbayjondagi ikki fransuz fuqarosining ozod qilinishi va afv etilishiga yo‘l ochishi mumkin. Usmonovning o‘zi esa unga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishiga asos bo‘lgan ayrim da’volarni rad etib, cheklovlarga qarshi sud orqali kurashib kelmoqda.

Fridman bo‘yicha ham alohida talab qo‘yildi. Lyuksemburg uni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni so‘radi. Fridman muzlatilgan aktivlari bilan bog‘liq masalada Lyuksemburgga qarshi 16 milliard dollarlik arbitraj da’vosi bilan chiqqan.

Ikki milliarder bo‘yicha bahs qariyb 3 ming nomga ta’sir qilmoqda

Bahs faqat Usmonov va Fridman bilan cheklanmayapti. Euronews ma’lumotiga ko‘ra, amaldagi sanksiyalar ro‘yxatida 2 600 ta nom bor va uni uzaytirish uchun barcha 27 davlatning roziligi talab qilinadi. Kelishuvga erishilmasa, butun ro‘yxatning amal qilish muddati tugash xavfi mavjud. Shu sabab Yevropa Ittifoqi diplomatlari murosa topish uchun muzokaralarni davom ettirmoqda.

Litva ham Usmonovni ro‘yxatdan chiqarishga qarshi pozitsiya bildirgan. Mamlakat moliya vaziri Taurimas Valysning fikricha, bunday qaror Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan umumiy pozitsiyasiga salbiy signal berishi mumkin.

Теги :
Jamiyat