$
 12145.65
3.71
 14268.71
-21.14
 164.33
1.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Yuk mashinasi haydovchilaridan shifokorlargacha: O‘zbekiston AQSh bilan mehnat migratsiyasini kengaytirmoqda

Oʻzbekiston AQSh bilan mehnat migratsiyasi boʻyicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muzokaralarni boshladi. Gap bir nechta yoʻnalishlar haqida ketmoqda — tibbiyot xodimlari va fura haydovchilarini tayyorlashdan tortib, qishloq xoʻjaligidagi mavsumiy ishlar hamda malakali mutaxassislar uchun dasturlargacha.

Yangi kelishuvlar Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan Xalqaro migratsiyani koʻrib chiqish forumi (IMRF) doirasida muhokama qilindi. Tadbirda Migratsiya agentligi, Oʻzbekiston TIV va mamlakatning AQShdagi elchixonasi vakillari qatnashdi.

Shifokorlar AQSh bozori uchun tayyorlanadi

Asosiy yoʻnalishlardan biri tibbiyot sohasi boʻldi. Migratsiya agentligi AQShdagi Logan University bilan amerika bozorida ishlaydigan tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha memorandum imzoladi.Rejaga koʻra, qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi va mutaxassislar AQSh sogʻliqni saqlash tizimi talablariga mos ravishda oʻqitiladi.

Oʻzbekistonliklarni yuk mashinasi haydovchiligiga tayyorlanadi

Shuningdek, oʻzbekistonlik yuk mashinasi haydovchilarini tayyorlash dasturi ham muhokama qilinmoqda. Muzokaralar Missouri Trucking School vakillari bilan oʻtkazilgan. Gap Amerika standartlari asosidagi 160 soatlik maxsus oʻquv dasturi va undan keyingi ishga joylashtirish haqida bormoqda. Rasmiylar bu yoʻnalishni qonuniy mehnat migratsiyasining yangi yoʻllaridan biri sifatida koʻrmoqda.

H-2A vizalari orqali mavsumiy ishlar

Bundan tashqari, H-2A toifasidagi vizalar boʻyicha ham kelishuvlarga erishilgan. Bu — AQShning qishloq xoʻjaligidagi mavsumiy ishchilar uchun moʻljallangan vaqtinchalik bandlik dasturi. Yaʼni, Oʻzbekiston fuqarolari AQSh agrar sektorida mavsumiy ishlarda rasman ishlashi mumkin boʻladi.

Yana qanday vizalar muhokama qilinmoqda?

Migratsiya agentligi Ballon Stoll yuridik firmasi bilan ham oʻzbekistonliklarni turli vizalar orqali ishga joylashtirish masalasida muzokaralar olib bordi.

Muhokama qilingan vizalar orasida:

▪️ H-2B — qishloq xoʻjaligidan tashqari vaqtinchalik ishlar (qurilish, mehmonxona biznesi, xizmat koʻrsatish sohasi);

▪️ H-1B — malakali mutaxassislar uchun vizalar;

▪️ O — fan, sport, sanʼat va biznesda alohida qobiliyatga ega insonlar uchun vizalar;

▪️ E — investorlar va ayrim tadbirkorlik faoliyati uchun vizalar.

“Migratsiya — inson kapitaliga investitsiya”

Forum davomida Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev Oʻzbekistonda migratsiya sohasida olib borilayotgan islohotlar, til va kasbiy tayyorgarlik tizimi hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish haqida gapirdi. Uning soʻzlariga koʻra, migratsiyani faqat iqtisodiy zarurat sifatida emas, balki inson kapitaliga kiritilgan investitsiya sifatida ham koʻrish kerak.