$
 12962.98
14.88
 13377.80
-124.48
 123.68
2.67
weather
+26
Кечаси   +14°

“Keraksiz bolalar” endi hammaga kerak(mi?)

Unwanted Boys

1-yanvar kuni Italiyada terma jamoalar o‘rtasida media-futbol bo‘yicha birinchi Jahon chempionati boshlandi. “Kings League” nomi bilan ataluvchi ushbu musobaqa jahon futboli yulduzi, Ispaniya terma jamoasi va “Barselona” futbol klubi a’zosi Jerar Pike tomonidan tashkil etilgan. Ahamiyatlisi, ishtirokchilar orasida nafaqat Braziliya, Italiya va boshqa futbol borasida nom qozongan mamlakatlarning jamoalari, balki O‘zbekiston ham bor. Ushbu ligada ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi MDH hududida yetarlicha tanilishga erishgan “Unwanted Boys” klubi asosida shakllangan. Quyida o‘zbeklarni futbol atrofida qayta birlashtirayotgan yigitlardan iborat jamoa haqida hikoya qilinadi.

Islom Abdujabborov o‘zi kim?

“Unwanted Boys” jamoasiga O‘zbekiston mediasida yetarlicha mashhurlikka erishgan futbol blogeri Islom Abdujabborov asos solgan. U yetti yoshidan “Bunyodkor” klubi akademiyasida tahsil olgan. Abdujabborov “Bunyodkor”da 13 yil davomida faoliyat olib borgandan so‘ng, professional futbolchi bo‘lish orzusidan voz kechadi va o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini rivojlantirishni boshlaydi. U futbolga oid turli xil fintlar va chellenjlar bilan videolar ola boshlaydi. Uning roliklari House of Highlights, 433 va OneFootball kabi dunyoning mashhur Instagram sahifalarida ham joylashtirilgan. 

 “Unwanted Boys”ning tashkil etilishi va jamoa a’zolari haqida

2023-yilning aprel oyida Abdujabborov “Unwanted Boys” jamoasiga asos soladi. O‘sha paytda u endigina 21 yoshda bo‘lgan. “Unwanted Boys” nomi jamoa konsepsiyasini aks ettiradi — jamoa tarkibi katta futbolda mustahkam o‘rin ololmagan o‘yinchilardan tashkil topgan. Quyidagi misollar bu so‘zimizga dalil bo‘la oladi:

  • Xushnudbek Rahmonov — 24 yosh, hujumchi. “Paxtakor” va “Bunyodkor” akademiyalarida tahsil o‘tgan. 2017-yildan 2022-yilgacha Shvetsiyaning to‘rtinchi divizionidagi "Hudding" jamoasida to‘p tepgan.
  • Karen Muratbayev — 27 yosh, yarimhimoyachi. “Paxtakor” akademiyasida tahsil olgan, Segunda B (Ispaniyaning to‘rtinchi divizioni)dagi “Reus Deportiu”da to‘p tepgan. 
  • Jahongir Isroilov — 22 yosh, hujumchi. Futbol blogeri. Instagramda 283 ming, YouTube’da 233 ming hamda Telegramda 14 mingdan ortiq obunachiga ega. “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi.
  • Shahriyor Jabborov — 21 yoshda, hujumchi. “Paxtakor” va O‘zbekiston U-20 terma jamoasida o‘ynagan. U 2023-yil noyabrida tegishli tashkilotlarning doping-testidan o‘ta olmaganligi sababli professional futboldan 4 yilga diskvalifikatsiya qilinadi.

MDH media jamoalari YouTube’da

“Unwanted Boys” nafaqat MDH, balki Osiyoning eng mashhur mediajamoasi ham hisoblanadi. Jamoaning YouTube-kanalida 1,41 million obunachi bor. Bu MDHdagi uchinchi ko‘rsatkich hisoblanadi — faqatgina “Amkal” (2,78 million) va 2Drots (3,64 million)da ulardan ko‘proq obunachi mavjud. Jamoa videolarining ko‘rilishi o‘rtacha 300 ming tomoshabinga to‘g‘ri keladi. Bu “Amkal” (208 ming)dan ko‘ra ko‘proq. “Unwanted Boys”ning asosiy ishi — YouTube kanali uchun kontent tayyorlashdan iborat desak, bizningcha, yanglishmagan bo‘lamiz. Chellenjlar ko‘pincha yoqimsiz jazolar evaziga olinadi. Masalan, sochni bo‘yash yoki olish, shapaloq bilan shapatilash. Ba’zan pul va gadjetlar uchun ham o‘ynaladi.

Katta pullar evaziga tashkil etilgan o‘rtoqlik o‘yinlari

Jamoa tashkil etilganidan bir oy o‘tmay Toshkentda mahalliy “Lokomotiv” (Superliga jamoasi)ga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi. O‘yin formatiga ko‘ra, 30 daqiqadan ikki taymni tashkil qildi. Mediajamoa professional futbol klubga imkoniyatni boy berdi — 1:4. 

2023-yil noyabr oyida “Unwanted Boys” yana bir mediajamoa — “10” nomli jamoaga qarshi o‘ynadi — 0:2. Uchrashuv Toshkentdagi “Lokomotiv” stadionida bo‘lib o‘tdi. Jamoa asoschisiga ko‘ra, ilk o‘yinlar tashkil qilish klubga 7-8 ming dollarga tushgan. “10” jamoasi bilan o‘yin esa avvalgilaridan farqli klubga to‘rt baravar qimmatga tushgan.

Maqsadlarning jiddiylashuvi

2024-yil noyabrida “Unwanted Boys” O‘zbekiston afsonalaridan iborat terma jamoaga qarshi o‘yin o‘tkazadi — 0:1. Ma’lum bo‘lishicha, “Unwanted Boys” shou-o‘yinlardan professional futbolga o‘tishni va hatto O‘zbekiston chempionatida o‘ynashni rejalashtirmoqda. Islom Abdujabborov ommaga chiqishlaridan birida o‘z rejalarini ma’lum qilib, “Unwanted Boys” Superligaga chiqishi kerak ekanligini va jamoaning o‘z akademiyasi hamda stadioni bo‘lishi kerakligini aytadi. 

“Kings League” haqida

“Kings League” Jahon chempionati — “Unwanted Boys”ning birinchi yirik turniri hisoblanadi. Jahon chempionati 1-yanvar kuni Italiyada boshlandi. Final 12-yanvar kuni 41 ming tomoshabinga mo‘ljallangan “Yuventus”ning uy arenasi — “Allianz Stadium”da bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Musobaqada Braziliya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Meksika, Yaponiya, Ukraina, O‘zbekiston va boshqa davlatlarning terma jamoalari ishtirok etmoqda. Jamoa a’zolari orasida media-futbolda bir necha yildan beri shug‘ullanib kelayotgan futbol yulduzlari ham mavjud. Masalan, Ispaniyada — Iker Kasilyas (2023-yildan “Kings League”da), Meksikada — Chicharito (2024-yildan Janubiy Amerika “Kings League”si franshizasidagi klub prezidenti), Germaniyada — Mario Gyo‘tse (yozgi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etgan). Shuningdek, musobaqaga yangi kelganlar ham mavjud: Braziliyada Kaka, Janubiy Koreyada esa Park Chji Sun.

“Unwanted Boys”ning musobaqaga qo‘shilishi

“Unwanted Boys” “Kings Liga”ga musobaqa prezidenti Jerar Pike tomonidan shaxsan taklif qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, Oktyabr oyida u Instagram’da Abdujabborov bilan bog‘langan. Pike “Salom, Islom! Men siz bilan sizga yoqadigan loyiha haqida gaplashmoqchiman. U “Kings League” deb ataladi. Qachon gaplashmoqchi bo‘lsangiz, menga xabar bering! Rahmat”, — deb yozadi u. Keyinchalik u Islom Abdujjaborov bilan o‘zaro shartnoma imzolaydi. 

“Unwanted Boys” — iroda ramziga aylanmoqda

Birinchi turda O‘zbekiston Saudiya Arabistoni terma jamoasi bilan aqlbovar qilmas o‘yin o‘tkazib, 4:3 hisobida g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘yinda esa terma jamoamiz, afsuski, AQSh terma jamoasiga imkoniyatni boy berdi. Kuni kecha esa pley-off bosqichi uchun hal qiluvchi bahsda jamoamiz fantastik “come-back” qayd etib, Peruni o‘z uyiga kuzatib qo‘ydi — 5:4. Birozdan so‘ng esa O‘zbekiston media-futbol terma jamoasi Hames Rodriges boshchiligidagi Kolumbiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Теги :
Jamiyat