$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Reydlar foyda bermayapti: “Umra” ziyoratiga jo‘natish bilan bog‘liq firibgarliklar avj olmoqda

Umra

O‘zbekistonda o‘rnatilgan tegishli tartib-qoidalarni chetlab o‘tib, fuqarolarni Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlanmoqda, deya xabar berdi “UzA”.

“Haj” uchun 10 ming dollar

Huquq-tartibot idoralari tomonidan joylarda tezkor tadbirlar o‘tkazilib, bunday qonunbuzilishlarga chek qo‘yildi.

Xususan, Namangan shahrida yashovchi O.S. fuqaro hamda uning onasini turistik kompaniya orqali 2025-yilgi “Haj” mavsumida Saudiya Arabistoniga farz amallarini bajarish uchun yuborish evaziga $10 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sirdaryodagi holat

Sirdaryo viloyati, Guliston shahridagi sayyohlik firmasi ta’sischisi G‘.A. litsenziyasiz, Sirdaryo tumanida yashovchi fuqaro va uning 4 nafar qarindoshini “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga $6 ming talab qilgan. G‘.A. oldindan $400 va 1,3 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Tur firmalar xodimlarining “qo‘li uzun”mi?

Bunday noqonuniy holatlar Surxondaryo viloyatida ham kuzatildi. Xususan, Sariosiyodagi sayyohlik firmasi ishchisi D.R. hech qanday vakolatga ega bo‘lmasdan fuqaroni “Umra” ziyoratiga Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga $1,1 ming va 200 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Denov shahridagi firibgarlik

Denov shahridagi sayyohlik firmasi rahbari Sh.Q. esa fuqaroni “Umra” safariga yuborishni va’da qilib, evaziga $1 ming va 1,28 mln. so‘m olgan vaqtida ushlangan. Tumanda yashovchi, X.N. o‘zganing ishonchiga kirib, unga o‘zi ishlayotgan sayyohlik kompaniyasi orqali “Umra”ga borish uchun imtiyozli yo‘llanmasi borligini aytgan. Natijada Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish evaziga $1 200 va 650 ming so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda 12 ta turoperatorida litsenziya bor

Hozirda O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12 ta turoperatorga litsenziya berilgan. Unga ko‘ra, 2024-yilning oktabr oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan “Umra” tadbirlarini tashkil etish uchun kompaniyalar yangi tartibda litsenziya olishlari kerak. Ilgari amalda bo‘lgan litsenziyalar 5-oktabrdan o‘z kuchini yo‘qotgan. Ularni berish esa qat’i tanlov asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Ular qaysilar?

Xususan, yakka tartibdagi litsenziya berish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijasida komissiya qaroriga muvofiq jami 12ta talabgor g‘olib deb topilgan.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p litsenziya Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi oltita, jumladan, “Hikmat Umra Travel”, “Real Dreams”, “Travel With Family”, “Sofa Marva Tour”, “B2 Management” hamda “Safar Time Exclusive” kompaniyalariga berildi.

Undan keyingi o‘rinda Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi uchta — “Muhtasham Travel”, “Musaffo turizm xizmati” hamda “Risola Travel Lux” turoperatorlariga litsenziya taqdim etildi.

Shuningdek, Andijon (“Ihlos travel 1”), Farg‘ona (“Yuksak travel Air”) hamda Xorazm (“Xorazm umra jamiyati”) viloyatlaridan bittadan tur kompaniya tanlov g‘olibi bo‘ldi.

Litsenziya shartlari

Mazkur kompaniyalarning litsenziyada ko‘rsatilmagan manzil bo‘yicha faoliyat ko‘rsatishlari ta’qiqlanadi. Shuningdek, bu bo‘yicha huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdori BHMning 200 baravari (75 mln. so‘m) ni tashkil etadi.

Теги :
Jamiyat