UFC 2027-yilda Toshkentda turnir o‘tkazishni rejalashtirmoqda
UFC 2027-yilda Markaziy Osiyodagi ishtirokini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Tashkilotning ichki hujjatida Toshkent ham turnir o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan shaharlar qatorida qayd etilgan. Musobaqa “Humo Arena”da tashkil etilishi ehtimoli bor.
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik MMA tashkiloti UFC 2027-yilning uchinchi choragida Toshkentdagi “Humo Arena” majmuasida musobaqa tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda La Gazzetta Georgia nashri xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda UFC’ning 2027-yil uchun Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish rejasiga oid ichki hujjatdan parcha tarqaldi. 12-noyabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan “UFC Event Expansion: EMEA & Central Asia” nomli hujjatda Toshkent ham turnir o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan shaharlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Turnir yoz oylariga mo‘ljallangan
Hujjatda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdagi musobaqani 2027-yilning iyul–sentabr oylarida tashkil etish rejalashtirilgan. Turnir uchun dastlabki maydon sifatida “Humo Arena” majmuasi ko‘rsatilgan. Ushbu arena taxminan 12,5 ming tomoshabinni sig‘dira oladi.
Shu bilan birga, Toshkent loyihasining holati hujjatda “Under Review”, ya’ni ko‘rib chiqilmoqda, deb belgilangan. Bu esa musobaqani o‘tkazish bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini anglatadi. Hozircha turnirning aniq sanasi ham ma’lum emas.
UFC rahbari bilan muzokaralar o‘tkazilgan
Toshkentda UFC turnirini tashkil etish masalasi avval ham muhokama qilingan. 2026-yil iyun oyida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov AQShda UFC prezidenti Dana Uayt bilan uchrashgan edi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda Zuffa Boxing musobaqalarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilingan. Shuningdek, kelgusida Toshkentda UFC’ning rasmiy turnirini o‘tkazish imkoniyati yuzasidan ham fikr almashilgan.
UFC rejasida Markaziy Osiyoning boshqa shaharlari ham bor
Tarqalgan hujjatda tashkilotning mintaqadagi boshqa shaharlarga oid rejalari ham aks etgan. Jumladan, Qozog‘istonning Olmaota, Qirg‘izistonning Bishkek va Gruziyaning Tbilisi shaharlari ham ehtimoliy musobaqa maydonlari sifatida qayd etilgan.
Dastlabki rejaga ko‘ra, Olmaotada turnir 2027-yil 1-may kuni o‘tkazilishi mumkin. Tbilisi va Toshkentdagi musobaqalar esa yilning uchinchi choragiga mo‘ljallangan.
Biroq hujjatda keltirilgan rejalar hozircha dastlabki bosqichda bo‘lib, ularning barchasi bo‘yicha yakuniy qarorlar rasman tasdiqlanmagan.



