Maydondan tashqaridagi "o‘yin" boshlandi(mi?)
O‘zbekiston terma jamoasi Tehronga uchishi kerak bo‘lgan samolyot 5 soatga kech qolgan. Buning oqibatida, terma jamoamizning bugungi mashg‘ulotlari ham bekor bo'lgan bo‘lishi mumkin.
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston terma jamoasi Tehronga uchishi kerak bo‘lgan samolyot 5 soatga kech qolgan. Buning oqibatida, terma jamoamizning bugungi mashg‘ulotlari ham bekor bo'lgan bo‘lishi mumkin.
Kechikkan reys
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eronga qarshi o‘yinni o‘tkazish uchun Tehronga uchib ketishi rejalashtirilgan edi. Aslida terma jamoa Toshkent vaqti bilan 12:30 da Eronning "Zagros" aviakompaniyasiga tegishli samolyotda to‘g‘ridan to‘g‘ri Tehronga uchishi kerak bo‘lgan. Biroq bizga ma’lum bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, ushbu samolyot Tehrondan Toshkentga taxminan 5 soat kechikkan holda uchgan va o‘z-o‘zidan terma jamoa a’zolari samolyotni Toshkentdagi aeroportda kutishga majbur bo‘lishgan.
Voqea sababini aviakompaniyaning Toshkentdagi vakili ham bilmaydi
Buning oqibatida, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Tehronga kech uchib borishi tufayli, Tehrondagi bugungi mashg‘ulotlar ham bekor bo‘lishi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, O‘FA vakillari 7 va 8-iyun kunlari Tehronga to‘g‘ridan to‘g‘ri reys bo‘lmagani uchungina "Zagros" kompaniyasining samolyotini tanlagan ekan. Qiziqarlisi, aviakompaniyaning Toshkentdagi vakili ham nima uchun 5 soat kechikish bo‘lganini bilmasligini ma’lum qilgan. Eron tomoni "o‘yin"ni maydondan tashqarida boshlab yubordi shekilli.



