O‘zbekiston 2024-yilni qay pog‘onada yakunladi?
FIFA rasmiy sayti 2024-yil yakuniga ko‘ra milliy jamoalarning yakuniy reyting jadvalini e’lon qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA rasmiy sayti 2024-yil yakuniga ko‘ra milliy jamoalarning yakuniy reyting jadvalini e’lon qildi.
Yakuniy reyting
Yilni yakunlovchi reytingga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi noyabr oyida Qatar (2:3) va KXDR (1:0) bilan uchrashuvlardagi bir mag‘lubiyat va g‘alaba bilan yilni reytingda 58-o‘rinda yakunlaydigan bo‘ldi. Ahamiyatlisi, 58-o‘rin milliy jamoamizning so‘nggi 8-yillikdagi eng yaxshi natijasi sanaladi. Bunga qadar milliy jamoamiz Samvel Babayan murabbiyligida, 2016-yilda FIFA reytingida 48-o‘rinni qayd etgan.
Yil sarhisobi
Srechko Katanes shogirdlari 2023-yilni 68-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, Qatarda o‘tgan Osiyo kubogidan keyin 66-o‘ringa ko‘tarilgandi. Mart oyidagi FIFA kunlari doirasida Gonkongga qarshi JCH-2026 2-saralash bosqichidagi g‘alabalardan keyin (2:0, 3:0) O‘zbekiston milliy jamoasi JCH-2026 hal qiluvchi saralash bosqichi va Osiyo kubogi-2027ga yo‘llanmasiga ega chiqib, reytingda 64-o‘ringa yuqorilagandi. JCH-2026 2-saralashi doirasidagi Turkmaniston (3:1) va Eron (0:0) bilan o‘yinlardan keyin vakillarimiz yana ikki pog‘ona yuqorilab, 62-o‘rindan joy olgan, iyul oyida e’lon qilingan reytingda esa 61-o‘rin, sentyabrda yana bir pog‘ona yuqorilagandi.
Umumiy reyting
FIFA reytingida Argentina milliy jamoasi 1-o‘rinda bormoqda, Fransiya esa 2-o‘rinda qoladigan bo‘ldi. Yevropa chempioni Ispaniya 3-pog‘onada qoldi. Angliya 4-o‘rin, Braziliya 5, Portugaliya 6-pog‘onada. Niderlandiya (7), Belgiya (8), Italiya (9) va Germaniya o‘nlikdan joy olgan.
Osiyo terma jamoalari
Osiyo jamoalari TOP-10ligi orasida esa vakillarimiz 7-o‘rinda qolishdi. Yaponiya qit’ada peshqadam sanaladi – 15-o‘rin, Eron (18) va Janubiy Koreya (23) uchlikda. Avstraliya (26), Qatar (48), Iroq (56), O‘zbekiston (58), Saudiya Arabistoni (59), BAA (63) va Iordaniya (64) o‘nlikka kirgan. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasining FIFA reytingidagi eng yaxshi natijasi – 45-o‘rin bo‘lib, vakillarimiz 2006-2007-yillarda ushbu o‘rinda qayd etilgan.



