$
 12829.07
-15.14
 13344.80
-163.46
 124.91
-2.44
weather
+26
Кечаси   +14°

DXXdan ketgan Abdusalom Azizovning O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidagi taqdiri nima bo‘ladi?

Abdusalom Azizov

23-noyabr kechasida Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan ozod etilgan general-leytenant Abdusalom Azizov amaldagi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti hisoblanadi. 

Kutilmagan iste’fo

Bundan ikki kun avval, 23-noyabr kechasida Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimida ishlab kelgan Abdusalom Abdumavlonovich Azizovni lavozimidan ozod etilgani aytilgan edi. Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning Azizovni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkani tasdiqlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Abdusalom Azizov O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan ozod etilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati ixtiyoriga o‘tkazilgan. 

O‘FAning taqdiri nima bo‘ladi?

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining endilikdagi sobiq raisi 2019-yilning 15-iyulida O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi prezidentligiga saylangan edi. U 2018-yil yanvaridan buyon rasman O‘FA rahbari lavozimini egallab kelgan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov o‘rnini egallagan. 2021-yilning 25-sentyabriga kelib, O‘FAning navbatdagi hisobot-saylov kongressida Azizov qayta o‘z lavozimiga saylangan edi. O‘FAning amaldagi prezidenti DXXdan ketgach, ko‘plab muxlislarni Azizov tashkilotdagi faoliyat davom ettirish yo ettirmasligi qiziqtira boshladi. Shu savol bilan O‘FA vakillariga yuzalanilganda "To‘g‘risi, bu borada O‘FAda hech qanday yangilik yo‘q", deya javob olingan. 

Abdusalom Azizov haqida

Joriy yilda o‘zining 64 yoshini qarshilagan Abdusalom Azizov ushbu lavozimda 5-yildan buyon faoliyat o‘tkazib kelayotgandi. Abdusalom Azizovning faoliyat yo‘liga tashlar ekanmiz, u 2005–2006-yillarda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2006–2006-yillarda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi raisi, 2006–2008-yillarda “O‘zneftmahsulot” raisi, 2008–2009-yillarda ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Futbol federatsiyasi vitse-prezidenti, 2009–2017-yillarda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. Azizov 2017-yil yanvar–sentyabr oylarida ichki ishlar vaziri, 2017-yil sentyabrdan 2019-yil fevralgacha mudofaa vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. U 2019-yil 14-yanvar kuni general-leytenant harbiy unvonini olgach, bir oy o‘tib Ixtiyor Abdullayev o‘rniga DXX raisi etib tayinlanadi. 

O‘zgarishlarning ehtimoliy sababi

DXX va IIV tizimidagi iste’folarning rasmiy sababi hozircha ma’lum emas. Biroq turli qarashlar mavjud. Manbalar xavfsizlik xizmati rahbarining ishdan olinishini shu yilning 26-oktyabr kuni Qibray tumanida prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ma’lum bo‘lishicha, bundan bir kun avval hukumat, DXX va IIVning qator yuqori martabali mulozimlari tergovga to‘sqinlik qilgani uchun lavozimidan chetlatilgan. IIV tizimdagi o‘zgarishlarga ham sabab o‘laroq ayni shu voqea ilgari surilmoqda.

Теги :
Jamiyat