$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonning yangi milliy turizm brendi yaratiladi

Turistlar Foto: Daryo

“O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Xorijiy turistlar oqimi yanada oshiriladi

Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-sentyabrdan kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi rezident bo‘lgan turoperatorlarni xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelishda aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan respublika tijorat banklari orqali milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada kredit liniyasi ochiladi.

Bunda:

-        belgilangan yillik foiz stavkasi tarkibida bank marjasi 3 foizdan oshmagan miqdorda o‘rnatiladi;

-        kredit mablag‘lari turoperatorlarga 2 yillik imtiyozli davr (foiz va asosiy qarzdan) bilan 10 yil muddatga ajratiladi;

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan tijorat banklariga resurslar 3 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga ajratiladi.

Yangi milliy turizm brendi yaratiladi

Shu bilan birga, O‘zbekistonning turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targ‘ib qilish, sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi milliy turizm brendi (tanitish belgisi) yaratiladi.

Turizm qo‘mitasi:

-        2024-yil 1-oktyabrgacha yangi milliy turizm brendini yaratish uchun tanlov o‘tkazadi;

-        2024-yil Xalqaro turizm kuni doirasida birinchi global sayyohlik mediakampusini tashkil qiladi;

-        2024–2025-yillarda auditoriyasi 10 milliondan ortiq bo‘lgan 50 nafargacha xorijiy jurnalist, bloger, vloger va inflyuenserlarni jalb qiladi.

2025-yil 1-yanvardan kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan 3 kundan kam bo‘lmagan biznes tadbirlarni O‘zbekiston hududida tashkil qilgan tadbirkorlar 2028-yil 1-yanvargacha ushbu biznes tadbirlarni tashkil qilishdan olingan daromaddan olingan foyda solig‘ini ushbu soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkasiga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi.

Barcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlarida chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi

Bundan tashqari, 2024-yil 1-dekabrgacha xorijiy mamlakatlar kesimida xalqaro turizm ko‘rgazmalarida namoyish qilish uchun madaniy, gastronomik va hunarmandchilik kontenti ishlab chiqiladi.

2024-yil 1-dekabrgacha yurtimizdagi barcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlari haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi.

Transport vazirligi:

-        avia, temir yo‘l va avtobus chiptalarini tabaqalashtirilgan narxlarda kamida 6 oy oldin savdoga chiqarish tizimini joriy qiladi;

-        Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni, Yangi yil bayrami va Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) hamda Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida respublika hududlarini bog‘lovchi qo‘shimcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yadi;

-        amalga oshirilayotgan tadbirlar, jumladan, ochilayotgan yangi reyslar, reyslardagi yuklamalar, shakllantirilayotgan yangi avia va temir yo‘l marshrutlari to‘g‘risida ma’lumotlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boradi.

Теги :
Jamiyat