$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi: eng yirik savdo sherigi kim?

TSA

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024-yil yanvar-iyul oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.

Tashqi savdo aylanmasi – 36,8 mlrd.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi 36,8 mlrd. dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 14,78 mlrd. dollar, import hajmi esa 22,05 mlrd. dollar. 

O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 1,1 foizga qisqargan bo‘lsa, import hajmi 10,1 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 7,26 mlrd. dollarga yetgan.  

Eng yirik savdo sherigi

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan bo‘lsa-da, bu borada Rossiyaning ulushi oshib boryapti. 

Hisobot davrida Xitoy bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 6,85 mlrd. dollarga, Rossiya bilan 6,80. mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining mos ravishda 18,6 va 18,5 foizini tashkil qiladi. 

Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Qozog‘iston (6,2 foiz), Turkiya (4,6 foiz) va Janubiy Koreya (3,2 foiz) bilan qayd etilgan.

Import

Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (35,4 foiz), sanoat tovarlari (15,1 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,4 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Hisobot davrida O‘zbekiston 984 mln. dollarlik gaz import qildi, bu 2023- yilning mos davri bilan taqqoslaganda, qariyb 5 barobarga ko‘p. 

O‘z navbatida birgina iyul oyida 174,2 mln. dollarlik gaz sotib olingan. Bu o‘tgan yilning iyuliga nisbatan 174 barobarga ko‘p.

O‘z navbatida umumiy davr uchun gaz eksporti 5,6 foizga yoki 323 mln. dollargacha qisqargan. Ammo oxirgi oylarda gaz sotish hajmi oshib boryapti. Xususan, birgina iyun-iyul oyida 263 mln. dollarlik gaz eksport qilingan.

Shuningdek, 7 oy davomida 96 mln. dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 foizga kam. 

Qancha elektr sotib olingan?

Yanvar-iyul oylarida 81,6 mln. dollarlik elektr toki sotib olingan (o‘sish – 2,4 foiz) va 68,6 mln. dollar qiymatidagi elektr energiyasi (o‘sish – 45,3 foiz) eksport qilingan. 

Neft va neft mahsulotlarining eksporti qariyb 2,8 barobarga oshib, 400 mln. dollarni, importi esa 30 foizga ko‘payib, 1 mlrd. 304 mln. dollarni tashkil qilgan.

Теги :
Jamiyat