$
 12052.05
39.93
 13985.20
49.94
 165.30
-0.82
weather
+26
Кечаси   +14°

Turizmda yangi maqsad: bir turist xarajatini 1000 dollargacha yetkazish

Tourism Investforum

O‘zbekiston turizm sohasida yangi maqsadni oldiga qo‘ymoqda. Toshkent xalqaro investitsiya forumida ma’lum qilinishicha, 2030-yilgacha bir xorijiy sayyohning mamlakatdagi o‘rtacha xarajatini 415 dollardan 1000 dollargacha yetkazish rejalashtirilgan.

Bu haqda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Turizm sohasiga investitsiyalar” panel sessiyasida so‘z borgan bo‘lib, unda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xorijiy investorlarni jalb etish va yuqori daromadli turizm yo‘nalishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Investorlar uchun qanday imkoniyatlar bor?

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovning aytishicha, mamlakat investorlarga nafaqat boy tarixiy-madaniy meros, balki turizm loyihalarini qo‘llab-quvvatlashning keng qamrovli tizimini ham taklif etmoqda. Xususan, turizm loyihalari uchun soliq imtiyozlari, subsidiyalar, imtiyozli moliyalashtirish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etilgan. Mehmonxona infratuzilmasi, kurort hududlari, ziyorat, tibbiy, faol va tadbirlar turizmi yo‘nalishlaridagi loyihalar alohida rag‘batlantirilmoqda.

Lyuks turizmga urg‘u

Turizmni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasiga ko‘ra, asosiy maqsad faqat sayyohlar sonini ko‘paytirish emas. Mamlakat turistlarning O‘zbekistonda qolish muddatini uzaytirish va ularning xarajatlarini oshirish orqali sohaning iqtisodiy samaradorligini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Shu maqsadda turistlarning mamlakatda o‘rtacha qolish muddatini 7–8 kungacha yetkazish, turistik xizmatlar eksportini esa 6 milliard dollardan oshirish ko‘zda tutilgan.

Bunga erishish uchun MICE-turizm (biznes tadbirlar turizmi), gastronomik, ekologik, ziyorat, kinoturizm va lyuks turizm kabi yuqori daromadli yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, transport aloqalarini kengaytirish, zamonaviy mehmonxonalar qurish va servis sifatini yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Sayyohlar oqimi tez sur’atlarda o‘smoqda

Forumda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga 5,3 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga ko‘pdir. Bugungi kunda mamlakatda 7 mingdan ortiq mehmonxona va joylashtirish vositalari faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonda Hilton, Marriott, InterContinental, Radisson, Holiday Inn, Wyndham va Mercure kabi xalqaro mehmonxona brendlari ham ishlamoqda.