“Toshturmada hammasi joyida!”
Ombudsman markaziy hibsxonaga borib holatni o‘rgandi.
2 daqiqa o‘qiladi

Kuni kecha, Toshturmada suv bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelayotganligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgandi. Shuningdek ushbu masala yuzasidan Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan edi. Bugun esa mazkur masala Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, zudlik bilan Ombudsman kotibiyati xodimlari tomonidan Jazoni ijro etish departamentining Markaziy hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Mahbuslarning suvdan shikoyatlari yo‘q
Monitoring mobaynida ushbu hibsxonada saqlanayotgan 50 dan ortiq mahbus bilan uchrashilib, xabarda keltirilgan holatlar yuzasidan so‘ralganda, ular suv bilan bog‘liq muammolar mavjud emasligi, belgilangan tartibga ko‘ra haftada bir marotaba cho‘milishlari hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatdan shikoyatlari yo‘qligini bildirdi.
Shuningdek, monitoringda hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yashashi, ovqatlanishi, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi holatlari o‘rganildi.
Qo‘shimcha 12 ta artezian elektr nasoslari ham o‘rnatilgan
O‘rganish jarayonida hibsxona ma’muriyati tomonidan u yerda saqlanayotgan shaxslarni doimiy ravishda suv bilan ta’minlash maqsadida uning hududida suv yetkazish uchun 2,5 atmosferali qo‘shimcha 12 artezian elektr nasoslari o‘rnatilgani va barchasi soz holdaligi ma’lum bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, hibsxonada belgilangan me’yordan ortiq mahbuslar saqlanishiga yo‘l qo‘yilishi holatlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va boshqa mas’ul idoralarga muqaddam Ombudsmanning xulosasi kiritilgan.
Avvalgi tashriflarda Ombudsmanga shikoyatlar kelib tushmagan
Unga ko‘ra, hozirgi kunda hibsxona hududida qo‘shimcha bino qurish rejalashtirilgan va amaliy ishlar boshlangan. Shunga ko‘ra, Ombudsman tomonidan hibsxona hududida qo‘shimcha bino qurish ishlarini tez va sifatli yakunlash zarurati yuzasidan murojaat kiritiladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 7 oyi mobaynida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan ushbu hibsxonaga amalga oshirilgan monitoring tashriflarida hamda “Ombudsman quti”laridan kelib tushgan murojaatlarda suv ta’minoti, tibbiy xizmat va me’yordan ortiq mahbuslar saqlanishidagi muammolar masalasida murojaatlar kelib tushmagan.



