Toshkentda ruhiy kasalliklar va narkologik hisobda turuvchilar soni oshdi
Toshkentda ruhiy kasalliklar va turli qaramliklar bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar oshmoqda. 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 2665 kishi ruhiy kasalliklar sabab ilk bor dispanser nazoratiga olingan, narkologik hisobdagilar soni esa bir yil ichida qariyb 600 nafarga ko‘paygan.
2 daqiqa o‘qiladi

2026-yilning to‘qqiz oyida poytaxtda 2665 kishi ruhiy kasalliklar sabab ilk bor dispanser nazoratiga olingan. Narkologik hisobda turuvchilar soni esa bir yil ichida 8,6 foizga ko‘paygan.
Bu haqda Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirbek Isabekovning xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga taqdim etgan hisobotida ma’lum qilindi.
Ruhiy kasalliklar bo‘yicha ko‘rsatkich 11,2 foizga oshgan
Hisobotda keltirilishicha, 2026-yil yanvar–sentyabr oylarida Toshkentda 2665 kishi ruhiy kasalliklar tufayli birinchi marta dispanser hisobiga qo‘yilgan. 2025-yilning shu davrida bunday bemorlar soni 2396 nafarni tashkil etgan. Bir yil ichida ko‘rsatkich 269 kishiga yoki 11,2 foizga oshgan.
Ayni paytda poytaxtda ruhiy kasalliklar tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan jami 23 377 nafar fuqaro bor. Ulardan 6188 nafari hisobot davrida shifoxona sharoitida davolangan.
Narkologik hisobda turuvchilar 593 nafarga ko‘paygan
Poytaxtda narkologik kasalliklar bo‘yicha ham o‘sish qayd etilgan. 2026-yilning to‘qqiz oyi yakunida ushbu kasalliklar bilan hisobda turganlar soni 7460 nafarga yetgan. 2025-yil 1-oktabr holatida esa ularning soni 6867 nafar edi.
Shu tariqa, bir yil davomida narkologik hisobdagilar 593 kishiga yoki 8,6 foizga ko‘paygan.
Ularning 3885 nafari alkogolga, 3215 nafari giyohvand moddalarga, 360 nafari esa zaharli moddalarga qaramlik bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ro‘yxatga olingan. Jami hisobda turuvchilarning 608 nafari ayollardir.
Birlamchi kasallanish ko‘rsatkichlari ham ayrim yo‘nalishlarda oshgan. Xususan, giyohvandlik bo‘yicha har 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan ko‘rsatkich 17,5 tadan 21,1 taga yetgan. Zaharli moddalarga qaramlik bo‘yicha bu raqam 1,4 tadan 2,1 taga ko‘tarilgan.
Alkogolga qaramlik bo‘yicha esa aksincha, pasayish kuzatilgan. Birlamchi kasallanish darajasi har 100 ming aholiga 8,2 tadan 5,1 tagacha kamaygan.
837 nafar bemor davolangan
2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida narkologik kasalliklar bilan bog‘liq 728 nafar bemor statsionar, yana 109 nafari ambulator sharoitda davolangan.
Shuningdek, shu davrda 987 kishi narkologik dispanser hisobiga yangi olingan, 594 kishi esa hisobdan chiqarilgan.
Hisobotda ruhiy kasalliklar tufayli ilk bor dispanser nazoratiga olinganlar hamda narkologik hisobda turuvchilar sonining ko‘payishiga nima sabab bo‘lgani haqida batafsil ma’lumot berilmagan.



