Poytaxtda renovatsiya: Eski uy o‘rniga ikkita yangi kvartira berilishi mumkin
Toshkentda renovatsiya sabab uyi buziladigan aholiga Yangi Toshkentdan kattaroq kvartira taklif qilinishi mumkin.
3 daqiqa o‘qiladi

Ayrim hollarda eski bitta xonadon o‘rniga ikkita kvartira berish varianti ham ko‘rib chiqiladi. Biroq yangi uy har bir mulkdorga alohida kelishuv asosida beriladi.
Eski uy o‘rniga 1,5 baravar qimmatroq kvartira berilishi mumkin
Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi farmoniga ko‘ra, renovatsiya hududlarida yashovchilarga eski uyining baholangan qiymatidan 1,5 baravargacha qimmatroq xonadon taklif qilishga ruxsat berildi. Hujjat 11-noyabrdan kuchga kirgan.
Yangi tartib Tashkent Invest kompaniyasi ishtirokida renovatsiya qilinayotgan hududlarga tegishli.
Toshkent shahar hokimligining tushuntirishicha, bu ayrim aholiga avvalgisidan 50 foizgacha kattaroq uy taklif qilish imkonini ham beradi. Ammo bunday imkoniyat hammaga kafolatlanmaydi.
50 kvadrat metr uy o‘rniga 75 kvadrat metrlik kvartira beriladimi?
Masalan, 50 kvadrat metrli xonadon egasiga 75 kvadrat metrgacha, 70 kvadrat metrli uy egasiga esa 105 kvadrat metrgacha bo‘lgan kvartira taklif qilinishi mumkin.
Hatto 70 kvadrat metrlik bitta uy o‘rniga 45 va 60 kvadrat metrlik ikkita alohida kvartira berish varianti ham mavjud.
Bunda asosiy mezon faqat maydon emas, balki uylarning qiymati hisoblanadi. Yangi xonadonning narxi eski mulkning baholangan qiymatidan 1,5 baravardan oshmasligi kerak.
Har bir holat alohida ko‘rib chiqiladi. Mustaqil tashkilotlar baholash va takliflarni tayyorlashga jalb etilishi rejalashtirilgan. Yangi uyning narxi, maydoni, joylashuvi, kvartiralar soni va ko‘chish shartlari mulkdor bilan kelishiladi.
Ko‘chirish ishlari qanday amalga oshiriladi?
Aholi bilan ishlash va yangi uylar bo‘yicha takliflar tayyorlash Tashkent Invest kompaniyasi zimmasiga yuklatilgan. Kompaniya mulkdorlar haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi va quruvchilar bilan muzokara olib boradi.
Renovatsiya hududlaridagi mahallalarda maxsus shtablar tuziladi. Ular tarkibida hokimlik, adliya, qurilish, kadastr va Tashkent Invest vakillari bo‘ladi.
Uy egasi taklif qilingan shartlarga rozi bo‘lsa, kompensatsiya va ko‘chirish bo‘yicha notarial tasdiqlangan kelishuv tuziladi. Ya’ni barcha shartlar og‘zaki emas, hujjat orqali rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, eski xonadondagi elektr, gaz, suv, isitish va chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlik yoki ortiqcha to‘lovlarni yangi kvartiraning shaxsiy hisobvaraqlariga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Renovatsiya dastlab Toshkentning qaysi hududlarida boshlanadi?
Dastlabki bosqichda renovatsiya loyihalari Yashnobod tumanidagi Jarqo‘rg‘on, Mirobod tumanidagi Abdurauf Fitrat nomli va Sergeli tumanidagi Xonobodtepa mahallalarini qamrab oladi.
Avvalroq Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov har yili eski va yashash sharoiti yaxshi bo‘lmagan uylardan 12–15 ming nafar aholini yangi xonadonlarga ko‘chirish rejalashtirilganini aytgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholiga ta’mirlangan, maydoni avvalgi uyidan kichik bo‘lmagan kvartiralar, jumladan, o‘sha tumandagi yangi uylardan ham taklif qilinadi. Yangi Toshkentdagi xonadonlar esa mavjud variantlarga qo‘shimcha bo‘ladi.
2026-yil iyun oyida imzolangan renovatsiya to‘g‘risidagi alohida qonun ham ushbu jarayonlarni tartibga soladi. Unga ko‘ra, renovatsiyani davlat idoralari, mulkdorlar yoki uchinchi shaxslar taklif qilishi mumkin.
Eskirgan, avariya holatiga kelgan yoki yashash uchun yaroqsiz binolar renovatsiya qilinishi mumkin. Dastur doirasida mavjud binolar ta’mirlanadi yoki buzilib, o‘rniga yangilari quriladi. Shuningdek, yashil hududlar va jamoat joylarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Hokimlik renovatsiya jarayonida mulkdorlarning huquqlarini himoya qilish, ochiqlikni ta’minlash va barcha kompensatsiya shartlarini uy egalari bilan kelishishni asosiy talab sifatida belgilagan.


