Dushanba, 16-noyabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +15° kechasi +1°

Said Abdulaziz Yusupov konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda ayblanayotgani aytilmoqda

Jurnalist, “Oq va qora” turkum videolari muallifi Said-Abdulaziz Yusupovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabarlar tarqaldi.

2 daqiqa o‘qiladi

Said Abdulaziz Yusupov konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda ayblanayotgani aytilmoqda

Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Said-Abdulaziz Yusupovga nisbatan nisbatan Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Jumladan:

  • 159-modda — O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish;

  • 139-modda — tuhmat.

Ish bo‘yicha sud majlisi 2026-yil 16-noyabr kuni o‘tkazilishi kutilmoqda. Tergov harakatlarini Harbiy prokuratura olib borishi aytilmoqda.

Hozircha ushbu ayblovlar yuzasidan rasmiy izoh berilmagan.

Dastlabki xabarlarga ko‘ra, jinoyat ishi Yusupov tomonidan “Niqobli odam” turkumidagi materiallar e’lon qilinganidan keyin qo‘zg‘atilgan. Biroq aynan qaysi materiallar va ulardagi qanday ma’lumotlar jinoyat ishi uchun asos bo‘lgani hozircha to‘liq ochiqlanmagan.

Avvalroq “Ozodlik” nashri Toshkentning Darxon hududida joylashgan, “Ofis” deb ataluvchi norasmiy tuzilma haqida jurnalistik surishtiruv e’lon qilgan edi. Nashrning surishtiruvida Said-Abdulaziz Yusupovning ham ushbu tuzilma bilan aloqadorligi haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Yusupov avval ham jinoiy javobgarlikka tortilgan

Said-Abdulaziz Yusupov O‘zbekistonda avval ham shov-shuvli jinoyat ishi bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgan. U 2017-yil dekabridan 2019-yil mayigacha O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish jamoat fondi direktori sifatida faoliyat yuritgan.

2019-yil 10-may kuni Yusupov Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘lga olingan. U o‘zini DXXning mas’ul xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolardan firibgarlik yo‘li bilan katta miqdorda pul olganlikda gumonlangan. Keyinchalik unga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik), shuningdek, 28 va 211-moddalari (jinoyatda ishtirokchilik va pora berish) bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. 

Shunga qaramay, 2020-yil 8-iyul kuni Said-Abdulaziz Yusupov ozodlikka chiqarilgan. Uning advokati Arslon Shaymardonovning ma’lum qilishicha, sudga yetkazilgan zarar qoplangani sababli jinoyat ishi tugatilgan va Yusupov sud zalidan ozod qilingan.