Seshanba, 3-noyabr, 2026
Havo 77 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +20° kechasi +8°
Читать на русском

Toshkentda 20 nafar qozog‘istonlik futbolchi zaharlangani aytilmoqda

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning ahvoli mehmonxonada nonushta qilganidan keyin yomonlashgan.

2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 20 nafar qozog‘istonlik futbolchi zaharlangani aytilmoqda

Toshkentda o‘tkazilayotgan “Do‘stlik Cup” futbol turnirida qatnashish uchun Qozog‘istondan kelgan bolalar va ularga hamrohlik qilgan shaxslar ovqatdan zaharlanish gumoni bilan shifoxonaga yotqizildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning ahvoli mehmonxonada nonushta qilganidan keyin yomonlashgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 1-noyabr kuni yuz bergan. O‘sha kuni 20 nafar bola va ularning yaqinlari mehmonxonada nonushta qilgan. Dasturxonga chala pishirilgan tuxum va sosiska tortilgan.

Nonushtadan so‘ng 13 kishida qusish, ich ketishi, qorin og‘rig‘i va tana haroratining ko‘tarilishi kabi alomatlar kuzatilgan. Bolalarning ota-onalari zaharlanishga aynan tuxum sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ularning aytishicha, tuxum iste’mol qilgan bolalarning ahvoli yomonlashgan, undan yemaganlarda esa hech qanday shikoyat kuzatilmagan. Biroq zaharlanish manbasi hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Bemorlarning barchasiga dastlabki tashxis qo‘yilgan

Dastlab jabrlanganlar Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga olib borilgan. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng ular 5-sonli shahar klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazilgan.

2–3-noyabr kunlari ham xuddi shunday alomatlar bilan yana yetti kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Jami 20 nafar bemorga dastlabki “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yilib, davolash ishlari boshlangan.

Hozirga qadar ikki nafar bemor shifoxonadan uyiga javob berilgan. Qolgan 18 kishi davolanishni davom ettirmoqda. Tibbiyot xodimlari ularning ahvolini barqaror va qoniqarli deb baholagan. Bemorlarning hech biri jonlantirish bo‘limida emas.

Mehmonxonadagi oziq-ovqat namunalari tekshirilmoqda

Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari mehmonxonada iste’mol qilingan taomlardan qolgan mahsulotlarni laboratoriya tekshiruvi uchun olib qo‘ygan.

Hozirda namunalar tahlil qilinmoqda. Yakuniy tekshiruv natijalari zaharlanishga nima sabab bo‘lganini aniqlash imkonini beradi.