Seshanba, 3-noyabr, 2026
Havo 78 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +18° kechasi +8°
Читать на русском

15-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gaz 5 000 so‘m bo‘ladi

Yangi tarif kuchga kirishi bilan 20 kilogrammlik gaz ballonini to‘ldirish narxi 40 ming so‘mdan 100 ming so‘mga yetadi. Biroq ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qo‘shimcha xarajatlari bir qismini davlat qoplab beradi.

3 daqiqa o‘qiladi

Gaz balon

2026-yil 15-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gazning bir kilogrammi 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mga qimmatlashadi. Yangi tarif kuchga kirishi bilan 20 kilogrammlik gaz ballonini to‘ldirish narxi 40 ming so‘mdan 100 ming so‘mga yetadi. Biroq ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qo‘shimcha xarajatlari bir qismini davlat qoplab beradi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 602-sonli qarorida belgilangan.

Kimlarga kompensatsiya to‘lanadi?

Qarorga muvofiq, 2030-yil 1-yanvargacha ayrim toifadagi oilalarga suyultirilgan gaz xarajatlarini qoplash uchun har bir kilogramm gaz hisobidan 3 ming so‘mdan kompensatsiya ajratiladi. Bunda bir oyda ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz uchun to‘lov amalga oshiriladi. Shunday qilib, bir oilaga beriladigan oylik kompensatsiya miqdori 60 ming so‘mdan oshmaydi.

Moliyaviy yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, ushbu reyestrda bo‘lmasa-da, belgilangan ehtiyojmandlik mezonlariga mos keladigan xonadonlar, shuningdek, yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashaydigan oilalarga beriladi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilmagan oilalar uchun alohida daromad mezoni belgilangan. Unga ko‘ra, xonadondagi har bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdorining ikki baravaridan yuqori bo‘lmasligi kerak.

Kompensatsiya olishni istagan fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki mahalladagi ijtimoiy xodimga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, arizalarni my.gov.uz portali va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali yuborish imkoniyati ham mavjud.

Gaz xarid qilingani tasdiqlanganidan so‘ng kompensatsiya mablag‘lari fuqaroning ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi. Agar oilaning yordam olish huquqi saqlanib qolsa, keyingi oylar uchun qaytadan ariza topshirish talab etilmaydi.

Gaz narxini oshirishga nima sabab bo‘lmoqda?

Hukumat narxlarni qayta ko‘rib chiqish zaruratini amaldagi tariflar aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz va o‘z vaqtida ta’minlash xarajatlarini qoplamayotgani bilan izohlagan.

Hozirda O‘zbekistonda suyultirilgan gazdan foydalanadigan iste’molchilar soni qariyb 4 million nafarni tashkil etadi. Gaz ballonlarini xonadonlarga yetkazib berish uchun o‘rtacha 30–35 kun vaqt ketadi. Ayrim hududlarda esa kutish muddati 50–70 kundan ham oshib ketmoqda.

Ta’minotdagi uzilishlar sababli ayrim oilalar qo‘shimcha gazni boshqa manbalardan, bozor narxida xarid qilishga majbur bo‘lmoqda. Bunday holatlarda suyultirilgan gazning bir kilogrammi 11 ming so‘mdan 13,5 ming so‘mgacha sotilmoqda.

Hukumat prognozlariga ko‘ra, 2023–2026-yillarda O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi 883 ming tonnadan 803 ming tonnagacha kamayadi. Ayni vaqtda import hajmi 19 ming tonnadan 713 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Shunga qaramay, 15-noyabrdan joriy etiladigan bir kilogramm uchun 5 ming so‘mlik tarif ham gazning bozor qiymatini to‘liq qoplamaydi. Ya’ni davlat aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini subsidiya qilishda davom etadi.

Gaz narxlarini erkinlashtirish rejalashtirilmoqda

602-sonli qarorda kelgusida suyultirilgan gaz narxlarini bosqichma-bosqich erkinlashtirish masalasi ham nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2027-yil 1-mayga qadar suyultirilgan gaz narxlarini erkinlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi lozim.

Bu takliflar gaz narxlarini shakllantirish tizimini qayta ko‘rib chiqish jarayonining keyingi bosqichini belgilaydi.