Yakshanba, 1-noyabr, 2026
Havo 122 sezgirlar uchun zararli Tirbandlik xaritasi
🌤 +12° kechasi +8°

O‘zbekiston va yana 4 davlatda QR-kod orqali to‘lov tizimlari birlashtiriladi

Markaziy Osiyoning to‘rt davlati va Ozarbayjon fuqarolari kelgusida safar davomida o‘z mamlakatidagi bank ilovalari orqali QR-kod yordamida tovar va xizmatlar uchun haq to‘lashi mumkin bo‘ladi. Buning uchun besh davlatning milliy to‘lov tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish rejalashtirilmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

QR

22–23-oktabr kunlari Dushanbe shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarbayjon markaziy banklari vakillari ishtirokida mintaqaviy uchrashuv tashkil etildi. Unda milliy to‘lov yechimlarini rivojlantirish va QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirish uchun umumiy standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarda to‘lov platformalari va tezkor to‘lov tizimlarini takomillashtirish, aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashildi. Shuningdek, masofaviy identifikatsiya tizimlarini joriy etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Qozog‘iston raqamli moliya sohasidagi tajribasini taqdim etdi

Uchrashuv davomida Qozog‘iston Milliy banki mamlakatda raqamli moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Xususan, milliy to‘lov tizimini shakllantirish, open banking mexanizmlarini rivojlantirish va Milliy firibgarlikka qarshi markazni tashkil etish bo‘yicha erishilgan natijalar taqdim etildi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston delegatsiyasi raqamli tenge loyihasini amalga oshirish hamda banklararo mobil to‘lov tizimini ishga tushirish jarayonida to‘plangan tajriba bilan o‘rtoqlashdi.

QR-to‘lovlar orqali besh davlatda hisob-kitob qilish mumkin bo‘ladi

Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri transchegaraviy hisob-kitoblarni rivojlantirish bo‘ldi. Tomonlar milliy tezkor to‘lov tizimlari va raqamli valyutalarni o‘zaro integratsiya qilish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar joriy yil oxirigacha milliy QR-to‘lov platformalari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmini ishlab chiqishga kelishib oldi.

Ushbu kelishuv amalga oshsa, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarbayjon fuqarolari boshqa ishtirokchi davlatga safar qilganida ham o‘z mamlakatidagi bank ilovalaridan foydalanib, QR-kod orqali tovar va xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshira oladi. Bundan tashqari, tizimlar integratsiyasi tezkor pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyatini ham yaratadi.

Kiberxavfsizlik va firibgarlikka qarshi kurashish ham muhokama qilindi

Uchrashuv kun tartibidan to‘lov infratuzilmasining xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar ham o‘rin oldi. Xususan, kiberhujumlardan himoyalanish, to‘lov tizimlarining uzluksiz va ishonchli ishlashini ta’minlash bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, moliyaviy firibgarliklarning oldini olish va to‘lov tizimlarini nazorat qilishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar bu boradagi tajribalari bilan ham o‘rtoqlashdi.