Mavsum boshlandi! Farg‘ona viloyatida 12 kishi is gazidan vafot etdi
Fojialar Farg‘ona tumani va Qo‘qon shahrida sodir bo‘ldi. Shu munosabat bilan Fvv xodimlari aholini isitish moslamalarini tekshirishga hamda xavfli qozonlardan foydalanishdan voz kechishga chaqirdi.
1 daqiqa o‘qiladi

25-oktabr kuni Farg‘ona tumanining Chimyon qishlog‘ida bir oilaning 7 nafar a'zosi is gazidan zaharlanib halok bo‘ldi. Yana bir shunday fojia 1-noyabr kuni Qo‘qon shahrida yuz berib, bir oilaning 5 nafar a'zosi hayotdan ko‘z yumdi. Ularning orasida 7, 3 va 1 yoshli uch nafar qizaloq ham bor edi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Qo‘qon shahridagi xonadonlardan biriga Germaniyaning Vaillant rusumli ikki konturli isitish qozoni o‘rnatilgan bo‘lgan. Tekshiruvlar mo‘ri ulangan joyidan chiqib ketganini ko‘rsatdi.
Fvv fuqarolarni Vaillant qozonlaridan voz kechishga chaqirdi
Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi uylariga Vaillant ikki konturli qozonlarini o‘rnatgan fuqarolarga murojaat yo‘llab, ulardan zudlik bilan foydalanishni to‘xtatishni so‘radi.
Idora ma'lumotiga ko‘ra, ushbu qozonlar ilgari Germaniyada ishlatilgan va keyingi foydalanishga yaroqsiz deb topilgan. Qutqaruvchilarning ta'kidlashicha, uskunalar O‘zbekistonga ehtiyot qismlar niqobi ostida noqonuniy olib kirilib, so‘ngra qo‘lbola usulda yangitdan ta'mirlangan va yangi deb sotilgan.
Bundan tashqari, mazkur qozonlar asl mo‘rilari bilan birga yetkazib berilmagan. Ularning o‘rniga yuqori haroratga bardosh bermaydigan polietilen quvurlardan foydalanilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini bunday qozonlarni o‘rnatmaslikka, boshqa isitish moslamalaridan foydalanganda esa mutaxassislarni jalb qilgan holda ularning sifat sertifikatlari, yo‘riqnomalari va texnik sozligini tekshirishga chaqirdi.



