O‘zbekistonga kelgan har 15 dollardan 13 dollari mamlakatda qolyapti
O‘zbekistonga xorijdan kelayotgan pul hajmi milliardlab dollarga oshdi. Yil boshidan buyon mamlakatga 15,2 mlrd dollar kirib kelgan bo‘lsa, xorijga yuborilgan mablag‘ bundan bir necha barobar kam bo‘ldi. Aholi va eksportchilar ham banklarga dollar sotishni keskin ko‘paytirdi. Markaziy bank e’lon qilgan so‘nggi raqamlar ichki valyuta bozoridagi vaziyat qanday o‘zgarganini ko‘rsatmoqda.
3 daqiqa o‘qiladi

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistonga 15,2 mlrd dollar kirib keldi. Shu davrda mamlakatdan xorijga 2 mlrd dollar yuborilgan. Natijada xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha 13,2 mlrd dollarlik ijobiy saldo yuzaga kelgan. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida ma’lum qilindi.
Ichki bozorda xorijiy valyuta taklifi talabdan tezroq o‘sdi
Hisobot davrida O‘zbekiston ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talab 50,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 17,9 foiz yuqori.
Markaziy bank operatsiyalari hisobga olinmaganda, bozordagi xorijiy valyuta taklifi 43,8 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning yanvar–sentabr oylariga nisbatan 25,3 foiz ko‘p. Shunday qilib, valyuta taklifi talabga qaraganda yuqoriroq sur’atda oshgan.
Aholi ham banklarga xorijiy valyuta sotishni ko‘paytirdi. Xususan, jismoniy shaxslar to‘qqiz oy davomida tijorat banklariga 18,9 mlrd dollar sotgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 15,3 mlrd dollarni tashkil etgan. Demak, aholidan kelib tushgan valyuta hajmi qariyb 1,2 barobar oshgan.
Korxonalarning eksportdan olgan tushumlari ham o‘sdi. Yanvar–sentabr oylarida eksport tushumlari 28,1 foizga ko‘payib, 16,6 mlrd dollarga yetdi. Shundan 9,5 mlrd dollari, ya’ni jami tushumning 57,2 foizi ichki valyuta bozorida sotilgan. Bu 2025-yilning mos davridagidan qariyb 2,4 mlrd dollar yoki 33 foiz ko‘p.
Dollar kursi 11 821 so‘mgacha pasaydi
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida AQSH dollarining so‘mga nisbatan kursi 11 765 so‘mdan 12 320 so‘mgacha bo‘lgan oraliqda o‘zgardi.
Sentabr oyi yakunlariga ko‘ra, bir AQSH dollari 11 821 so‘mni tashkil etgan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, milliy valyuta yil boshidan buyon dollarga nisbatan 1,5 foizga mustahkamlangan.
Valyuta kursini hisoblash tartibi o‘zgartirildi
Markaziy bank ichki valyuta bozorini rivojlantirish maqsadida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan operatsiyalar va intervensiyalar strategiyasini ishlab chiqdi. Hisobot davrida valyuta bozorining ishlash tartibiga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, 10-avgustdan boshlab valyuta birjasidagi savdolar vaqti uzaytirildi. Avval soat 15:00 da yakunlangan savdolar endilikda 17:00 gacha davom etmoqda. Bu o‘zgarish tijorat banklariga valyuta likvidligini samaraliroq boshqarish, shuningdek, mijozlarning xorijiy valyutadagi to‘lovlarini uzluksiz amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi.
15-sentabrdan boshlab esa rasmiy valyuta kursini aniqlash mexanizmi yangilandi. Endilikda AQSH dollarining rasmiy kursi faqat valyuta birjasida amalga oshirilgan bitimlar asosida hisoblanmaydi. Bunda banklararo birjadan tashqari valyuta bozorida tuzilgan bitimlar ham inobatga olinadi.
Yangi tartibga ko‘ra, rasmiy kurs birja va birjadan tashqari bozorlarda amalga oshirilgan operatsiyalarning o‘rtacha tortilgan qiymati asosida belgilanadi.
Bundan tashqari, dam olish kunlarida amal qiladigan valyuta kursini e’lon qilish tartibi ham o‘zgartirildi. Endilikda shanba va yakshanba kunlari uchun oxirgi ish kunida rasman e’lon qilingan valyuta kursi qo‘llaniladi.



