Endi suvdan qarzdorlar ham elektr energiyasi uchun to‘lov qila olmay qolishi mumkin
2027-yildan kuchga kiradigan yangi tartibga ko‘ra, suv qarzini belgilangan muddatda to‘lamagan iste’molchilarning elektr hisobini to‘ldirish imkoniyati cheklanadi. Buning uchun qarzdorlarni avval ogohlantirishadi, keyin esa ish Majburiy ijro byurosiga yuboriladi.
2 daqiqa o‘qiladi

2027-yil 1-yanvardan ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari uchun qarzdorlikni undirishning yangi tartibi kuchga kiradi. Unga ko‘ra, belgilangan tartibda ogohlantirilgan va ijro hujjati talablarini bajarmagan iste’molchilarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati cheklanishi mumkin.
Qarzdorlarga 5 ish kuni muhlat beriladi
Yangi tartibga muvofiq, suv ta’minoti yoki oqova suv xizmatlari uchun qarzdorlik yuzaga kelganida iste’molchiga dastlab yozma ogohlantirish yuboriladi. Qarzni to‘lash uchun unga 5 ish kuni vaqt beriladi.
Agar ushbu muddat ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, uni majburiy undirish jarayoni boshlanadi. Bunda qarz miqdoriga qarab ikki xil tartib qo‘llanadi.
Xususan, qarzdorlik bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha, ya’ni 440 million so‘mgacha bo‘lsa, masala notarial tartibda hal etiladi. Ushbu miqdordan yuqori qarzdorlik esa sud orqali undiriladi.
Elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati cheklanadi
Undirish bo‘yicha rasmiylashtirilgan ijro hujjati Majburiy ijro byurosiga yuboriladi. Agar iste’molchi ixtiyoriy ijro uchun belgilangan muddatda hujjatda ko‘rsatilgan talablarni bajarmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati cheklanishi mumkin.
“O‘zsuvta’minot” bu tartib suv yoki kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha qarzdorlik paydo bo‘lishi bilanoq qo‘llanmasligini alohida ta’kidladi. Ya’ni elektr energiyasi uchun to‘lov qilishni cheklashdan oldin iste’molchiga ogohlantirish berish, qarzni undirish va ijro jarayonlarini amalga oshirish talab etiladi.
Shuningdek, yangi mexanizm elektr energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzib qo‘yishni anglatmaydi. Gap elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish imkoniyatini cheklash haqida bormoqda.
Biroq oldindan to‘lov asosida ishlaydigan elektr hisoblagichlaridan foydalanuvchilar uchun bu holat elektr ta’minotining to‘xtashiga olib kelishi mumkin. Agar iste’molchi cheklov sababli hisoblagich balansini to‘ldira olmasa, avval kiritilgan mablag‘ tugagach, elektr energiyasi avtomatik ravishda o‘chishi ehtimoli bor.
Cheklovni bekor qilish uchun suv qarzi to‘liq to‘lanishi kerak
Elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatini qayta tiklash uchun iste’molchi ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari bo‘yicha mavjud qarzdorligini to‘liq qoplashi lozim.
Shu bilan birga, yangi tartib Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Suv va kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha qarz 542,6 milliard so‘mga yetgan
“O‘zsuvta’minot” ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabr holatida mamlakatda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘planib qolgan jami qarzdorlik 542,6 milliard so‘mni tashkil etgan.
Uning 430,7 milliard so‘mi aholi, 111,8 milliard so‘mi esa yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Suv va oqova suv xizmatlari uchun qarzdorlikni undirish tartibiga kiritilayotgan o‘zgarishlar Prezidentning 2026-yil 24-iyuldagi PF-140-son farmonida belgilangan. Yangi mexanizm 2027-yil 1-yanvardan amal qila boshlaydi.



