Afg‘onistonda ayollar o‘qishi mumkin bo‘lgan so‘nggi muassasa ham yopildi
Afg‘onistonda akusherlik va hamshiralikka o‘qiyotgan ayollarga darslarga kelmaslik buyurildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda akusherlik va hamshiralikka o‘qiyotgan ayollarga darslarga kelmaslik buyurildi. Shu tariqa ular ta’limni tugatish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Keyingi ko‘rsatma qanday bo‘ladi?
Jurnalistlar Afg‘onistondagi beshta o‘quv muassasasi rahbariyati bilan suhbatlashdi. Ular “Tolibon” vakillari o‘quv muassasalarini yopishni va keyingi ko‘rsatmalarni kutishni buyurganini aytdi.
Rasmiy bayonot hali e’lon qilmagan bo‘lsa-da, taqiqni “Tolibon” harakatining Sog‘liqni saqlash vazirligidagi ikkita manbasi ham tasdiqladi, deb yozmoqda BBC. Ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon talaba qizlarning bu xabardan yig‘layotgani aks etgan video tarqaldi.
Qizlarning o‘rta va oliy ta’lim olishi taqiqlangan
“Tolibon” 2021-yil avgustidan boshlab qizlarning o‘rta va oliy ta’lim olishini taqiqlagan.
“Tolibon” bir qator masalalar, jumladan, o‘quv dasturi “islomiy” bo‘lishi kabi muammolarni hal qilgach, qizlarni yana maktabga qabul qilishlarini bir necha bor va’da qilgan. Biroq bu hozirga qadar amalga oshmadi, deydi jurnalistlar. Ta’lim olishni istagan ayollar uchun ochiq qolgan kam sonli yo‘llardan biri hamshiralik yoki akusherlik kurslarini o‘qitadigan kollejlar edi. Taxminan 17 000 nafar ayol ana shunday kurslarda tahsil olgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston dunyodagi onalar o‘limi bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichlardan biriga ega. Xususan, har 100 mingta tirik tug‘ilgan chaqaloqqa 620 nafar ayolning o‘limi to‘g‘ri keladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti mamlakat ehtiyojlarini qondirish uchun Afg‘oniston qo‘shimcha 18 ming nafar akusherga muhtojligini ta’kidlagandi.
Afg‘onistonda ayollarga nisbatan joriy qilingan ayrim taqiqlar
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” ayollarga nafaqat erkaklar, balki boshqa ayollar bilan ham ochiqchasiga gaplashishni taqiqlagani haqida xabar bergan edik. Ma’lum qilinishicha, ayollar ovozlari boshqa yoshi katta ayollar tomonidan eshitilishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardan qochishlari kerak. Shunga asosan “Tolibon” hatto boshqa ayollar oldida Qur’onni ovoz chiqarib o‘qishni ham taqiqlagani aytilmoqda.
Afg‘onistonda ayollarga nisbatan joriy qilingan ayrim taqiqlar quyidagilar:
- afg‘onistonlik ayollarning BMT idoralarida ishlashi;
- erkaklarga ayollar uchun kiyim tikish;
- ayollarning erkak shifokorlarga borishi;
- ayollarning shifoxonaga yolg‘iz borishi;
- ayollarning istirohat bog‘iga tashrif buyurishi,
- oilalar va ayollarning bog‘lari yoki yashil hududlari bo‘lgan restoranlarga kirishi,
- ayollar ovozi eshitilgan reklamalarni efirga uzatish,
- ayollarning sotuvchilari bilan savdolashish,
- ayollarga bir-biri bilan gaplashish taqiqlangan.



