$
 11809.82
-29.77
 13569.48
0.13
 140.68
0.26
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi zo‘ravon rahbar ustidan ham onlayn shikoyat qilish mumkin: Yangi tizim ishga tushiriladi

tizim

Ishxonada rahbar yoki boshqa xodim tomonidan bosim, tazyiq yoki zo‘ravonlikka uchragan odam kimga va qanday murojaat qilishni bilmaydi. Ayniqsa, shikoyat rahbarning o‘ziga qarshi bo‘lsa, vaziyat yanada murakkablashadi. Endi bunday holatlar uchun alohida tizim yaratilmoqda.

Prezidentning 21-sentyabrda imzolangan qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini yaratishga qaratilgan dastur bosqichma-bosqich joriy etiladi. Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlik haqida onlayn xabar berish imkonini beradigan maxsus portal ham ishga tushadi.

Ishxonadagi tazyiq haqida onlayn xabar bersa bo‘ladi

Dastur davlat idoralari va tashkilotlarida, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan kompaniyalarda hamda ularga tegishli ayrim yuridik shaxslarda joriy etiladi. Shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar boshqa korxona, tashkilot va muassasalarni ham bosqichma-bosqich qamrab oladi.

2026-yil 1-dekabrgacha Boshqaruv samaradorligi agentligining axborot tizimlarida davlat organlari va tashkilotlari uchun “Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti” portali ishga tushiriladi. Xodimlar ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari haqida elektron tarzda murojaat yubora oladi.

Agar shikoyat portal uchun mas’ul xodim, uning bevosita rahbari yoki tashkilotdagi mansabdor shaxs ustidan bo‘lsa, murojaat avtomatik ravishda yuqori turuvchi tashkilotga yuboriladi.

Shikoyat, dalillar va ko‘rilgan choralar portalda saqlanadi

Tazyiq yoki zo‘ravonlik bo‘yicha murojaatni tekshirish, dalillarni to‘plash, xulosa tayyorlash, ma’lumot almashish va muloqot qilish portal orqali amalga oshiriladi.

Tekshiruv qanday o‘tkazilgani, uning natijasi, qanday chora ko‘rilgani va keyinchalik bu qarorlarga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lsa, bularning barchasi tizimda saqlanadi. Ushbu ma’lumotlarni yo‘q qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar murojaatda ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari aniqlansa, u “112” yagona dispetcherlik xizmati orqali tegishli vakolatli organga yuboriladi.

Tashkilotlar yangi qoidalarga qanday amal qilayotgani ham kuzatiladi

Boshqaruv samaradorligi agentligi portal orqali davlat idoralari va tashkilotlarida yangi qoidalarga qanday amal qilinayotganini kuzatib boradi. Qoidabuzarlik aniqlansa, Agentlik uni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritishi mumkin.

Aslida ish joyidagi xavfsizlik va tazyiqning oldini olish bo‘yicha talablar avval ham kuchaytirilgan. 2025-yilda tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, ish beruvchilar ish joyidagi xavflarni aniqlash, baholash va boshqarish bilan birga, tazyiq hamda zo‘ravonlikning oldini olish uchun samarali tizim yaratishi shart etib belgilangan.

Теги :
Jamiyat