$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekistonlik oʻquvchilar bilimi ta’lim sifati bo‘yicha so‘nggi o‘ntalikdan oshmadi

timss o

Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan TIMSS 2023 xalqaro baholash dasturi natijalari e'lon qilindi. 2023-yil aprel-may oylarida Oʻzbekistonda oʻtkazilgan ushbu tadqiqotda barcha hududlaridan tanlab olingan 166 ta maktabdan jami 8800 nafar oʻquvchilar (shundan, 4450 nafar 4-sinf va 4350 nafar 8-sinf) ishtirok etdi.

Shuningdek, mazkur maktablarning 166 nafar direktorlari hamda 1035 nafar matematika va tabiiy fanlar boʻyicha oʻqituvchilar soʻrovnomalarda qatnashgan.

 8-sinf oʻquvchilari natijalari:

Xalqaro hisobot tahlil natijalariga koʻra, Oʻzbekistondagi 8-sinf oʻquvchilarining matematik savodxonlik boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichi 421 ball boʻlib, qatnashuvchi 44 ta davlatdan 32-oʻrinni egallagan. 8-sinf tabiiy fanlar (Science) savodxonligi boʻyicha esa qatnashgan 44 ta davlat orasidan 396 ball bilan 39-oʻrinni egalladi.

4-sinf oʻquvchilari natijalari:

Tadqiqotda qatnashgan o‘zbekistonlik 4-sinf o‘quvchilari tabiiy fanlar (Science) savodxonligi boʻyicha 412 ball toʻplagan va ishtirokchi 58 ta davlat ichida 54-oʻrinni egalladi. Matematika savodxonligi boʻyicha esa qatnashuvchi 58 ta davlat ichida 443 ball bilan 50-oʻrinni egalladi.

Qizlar yigitlarga nisbatan yaxshiroq natija koʻrsatgan

Oʻzbekistonda 4-sinflardagi qizlar (446 ball) matematika yoʻnalishida oʻgʻil bolalardan (440 ball) yaxshiroq natija qayd etgan boʻlsa, tabiiy fanlar yoʻnalishida ham xuddi shunday farq saqlanib qolgan (qizlar 414 ball, oʻgʻil bolalar 409 ball).

Tabiiy fanlar yoʻnalishida 8-sinflardagi qizlar (395 ball) va oʻgʻil bolalar (396 ball) deyarli bir xil natija qayd etgan boʻlsa, matematika yoʻnalishida oʻgʻil bolalar (426 ball) qizlardan (416 ball) koʻra yuqoriroq natija qayd etgan.

TIMSS haqida

TIMSS – “Trends in International Mathematics and Science Study”, yaʼni 4- va 8-sinf o'quvchilarining matematika va tabiiy yo'nalishdagi fanlardan o'zlashtirish darajasini baholash dasturi bo'lib, tadqiqot ta'lim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan tashkil etiladi.

TIMSS xalqaro baholash dasturida 4- va 8-sinf o'quvchilarining matematika va tabiiy fanlar bo'yicha egallagan bilim darajasi va sifatini solishtirish hamda milliy ta'lim tizimidagi farqlarni aniqlash bilan bir qatorda, qo'shimcha ravishda maktablarda matematika va tabiiy fanlar bo'yicha berilayotgan ta'lim mazmuni, o'quv jarayoni, ta'lim muassasasining imkoniyatlari, o'qituvchilar salohiyati, o'quvchilarning oilalari bilan bog'liq omillari o'rganiladi.

TIMSS dasturi oʻzining birinchi tadqiqotini 1995-yilda boshlagan boʻlib, har toʻrt yilda tashkil etib kelinadi.

TIMSS-2019 dasturi natijalari

Maʼlumot uchun, TIMSS-2019 tadqiqotning 7-davriyligida 60 dan ortiq mamlakat va iqtisodiyotlar ishtirok etib, mazkur davlatlarda tahsil olayotgan 600 mingga yaqin o'quvchilarning matematik va tabiiy-ilmiy yo'nalishlar bo'yicha bilimlari baholangan.

 Xalqaro tadqiqotning natijalari haqidagi ma'lumotlarni keltirib o'tadigan bo'lsak, unda tadqiqotda qatnashgan davlatlar kesimida 4 va 8-sinflar hamda matematika va tabiiy-ilmiy yo'nalishdagi natijalar alohida tahlil qilinganligini ko'rishimiz mumkin. Ta'kidlab o'tilgan to'rtala yo'nalish bo'yicha ham Singapur davlati yetakchi o'rinni egallagan.

E'lon qilingan natijalarga ko'ra, matematika bo'yicha Singapurning 4-sinf o'quvchilari eng yuqori 625 ball, 8-sinf o'quvchilari esa 616 ball bilan 1-o'rindan joy oldi. Singapurdan keyingi o'rinlarda Gonkong 602 ball, Janubiy Koreya 600 ball, Xitoy Taypey 599 ball va Yaponiya 593 ball bilan joy egallagan bo'lsa, eng past natijani Marokash (383 ball), Quvayt (383 ball), Janubiy Afrika (374 ball), Pokiston (328 ball) va filippinlik (297 ball) o'quvchilar qayd etishgan.

Tabiiy-ilmiy yo'nalish bo'yicha Singapurning 4-sinf o'quvchilari eng yuqori natijani 595 ball, 8-sinf o'quvchilari esa 608 ball qayd etib, bu yo'nalishda ham dunyoda yetakchi ekanliklarini yana bir karra isbotlab berdi.

Oʻquvchilar qanday imkoniyatlarga ega boʻladi?

Qayd etilishicha, TIMSS tadqiqotida maktablarni bu shaklda tanlab olish orqali ta'lim tizimi samaradorligini hududlar miqyosida solishtirish mumkin bo‘ladi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra bir qancha imkoniyatlarga ega bo‘lish mumkin:

4- va 8-sinf o‘quvchilari tomonidan matematika va tabiiy fanlardan o‘rganilgan bilimlar, tushunchalar, jarayonlar va munosabatlar to‘g‘risida xalqaro miqyosda taqqoslanadigan ma'lumotlarga ega bo‘lish;

matematika va tabiiy fanlardan o‘rganilgan bilimlarni 4- va 8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘zlashtirish darajasini xalqaro miqyosda taqqoslash;

4-sinfdan 8-sinfgacha o‘quvchilarning matematika va tabiiy fanlardan o‘rganilgan bilim va ko‘nikmalari o‘sishiga ta'sir etuvchi omillarni aniqlash;

4-sinf o‘quvchilari 8-sinfda qayta baholanganda matematika va tabiiy fanlarni o‘qitish va o‘rganishning o‘zaro bog‘liqligini monitoring qilish;

o‘quvchilarning o‘zlashtirishdagi ustunlik va zaif jihatlarini bilib olish;

o‘quvchilarning ta'lim sohasidagi yutuqlarini oshirishga xizmat qiluvchi o‘quv reja, dastur, qo‘llanmalar va boshqa ta'lim resurslari bilan bog‘liq ta'lim siyosati asosiy omillari ta'sirini xalqaro darajada baholash.

Теги :
Jamiyat