Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 96 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +8°

O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan tibbiy markaz ochiladi

SSV Mo‘g‘uliston bilan hamkorlikda Yaponiyaning “Fujifilm Group” kompaniyasining sun’iy intellektga asoslangan “NURA” tibbiy profilaktika skrining markazini ochmoqchi.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan tibbiy markaz ochiladi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Ushbu tashrif doirasida Mo‘g‘ulistonning “Tavan Vogd Holdings LLC.” kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatga kompaniya bosh direktori Baatarsayxan Sagaach va sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farhod Toshpo‘latov imzo chekdi. Bu haqda SSV xabar qildi.

Memorandumdan ko‘zlangan maqsad

Memorandumdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda Yaponiyaning “Fujifilm Group” kompaniyasining sun’iy intellektga asoslangan “NURA” tibbiy profilaktika skrining markazini ochish va bu orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashdir.

Dastlabki bosqichda 10 million dollar sarmoya

Hujjatga asosan “Tavan Vogd Holdings LLC.” kompaniyasi O‘zbekistonda dastlabki bosqichda 10 million AQSH dollari miqdoridagi o‘z sarmoyasi hisobiga “NURA” tibbiy profilaktika skrining markazini tashkil etadi va ishga tushiradi. Bunda 160 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Litsenziya masalasida SSV ko‘maklashadi

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa, o‘z navbatida, “NURA” tibbiy profilaktika skrining markaziga O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq belgilangan tartibda yurtimizda tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda mamlakatimiz hududida faoliyat yuritish uchun olib kiriladigan tibbiy texnikani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun lisenziya olishda ko‘maklashadi.

“Fujifilm Corporation” nima?

Ma’lumot uchun, “Fujifilm Corporation” korporatsiyasi Yaponiyadagi bosh kompaniya bo‘lib, o‘z faoliyatini Mo‘g‘ulistonda “NURA” brendi ostida sun’iy intellektga hamda saraton va turmush tarzi bilan bog‘liq kasalliklarning profilaktik tibbiy skriningiga ixtisoslashgan tibbiy skrining markazlari orqali olib boradi.