Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +22° kechasi +9°

Bosh aylanishi alohida kasallik emas, balki 80 dan ziyod xastalik alomati bo‘lishi mumkin

Ko‘pchilik bosh aylanishini oddiy charchoq yoki qon bosimi bilan bog‘laydi. Biroq bu holat bir qator jiddiy kasalliklarning belgisi bo‘lishi mumkin.

2 daqiqa o‘qiladi

Bosh aylanishi alohida kasallik emas, balki 80 dan ziyod xastalik alomati bo‘lishi mumkin

Aksariyat insonlar bosh aylanishi faqat qamqonlik, qon bosimining ko‘tarilishi yoki tushishi tufayli yuzaga keladi, deb o‘ylaydi. Biroq bu unchalik to‘g‘ri emas. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu holat bir necha xastaliklar tufayli kuzatilishi mumkin.

Mutaxassis nima deydi?

Bosh aylanishi charchoq va behuzurlikning to‘satdan paydo bo‘luvchi alomati bo‘lib, insonga uni o‘rab turgan olam xuddi aylanayotgandek tuyuladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Ulug‘bek Asadullayev.

Bunda miya bilan ichki quloqdagi vestibulyar apparat orasidagi aloqa buziladi. Oqibatda miya nazoratni yo‘qotib, tanani boshqarolmay qoladi. Ba’zan bosh aylanganida qayt qilish markazi ham ta’sirlanadi. Odatda, bu uzilish bir necha soniyalarga teng bo‘ladi.

80 dan ziyod xastalikning alomati

Bosh aylanishi alohida kasallik emas, balki 80 dan ziyod xastalikning alomati bo‘lishi mumkin. Shu bois uning sababini darhol aniqlash, to‘g‘ri va aniq tashxis qo‘yish zarur. Bosh aylanishi kutilmaganda faqat bir marta sodir bo‘lsa, noqulaylik hissini yengish uchun bir necha daqiqa yotib, tinchlanish lozim. Shundan so‘ng sekin va ehtiyotkorlik bilan harakatlanish va suv ichish maqsadga muvofiq. Shuningdek, chekish va alkogoldan voz kechish kerak.

Agar inson salomatligida jiddiy muammo bo‘lsa, bosh aylanishi bir necha soatdan keyin yoki bir necha kundan so‘ng yana qaytalanishi mumkin. Bu holat bir daqiqadan ko‘proq davom etsa va muntazam takrorlansa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim, deydi mutaxassis.