$
 12831.81
-25.54
 14606.45
-66.36
 163.75
0.3
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Kunduzgi statsionarlar sabab shifoxonalarga murojaatlar soni 19,1 foizga kamaydi

statsionar

Davlat rahbarining 2022-yil 25-apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan aholini birlamchi bo‘g‘inda statsionar davolash tizimi takomillashtirilmoqda. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu turdagi shifoxonalar bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilyapti

Ta’kidlash joizki, avvalari birlamchi bo‘g‘in muassasalaridagi kunduzgi shifoxonalardan yetarlicha foydalanilmas edi. Ba’zi oilaviy poliklinikalarda kunduzgi statsionar uchun xona yetishmasa, boshqalarida turli sabablar bilan shifo o‘rinlari tashkil etilmagandi.

19,3 mingta kunduzgi shifo o‘rni

 Bugungi kunga kelib, respublikamizdagi oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalardagi kunduzgi statsionarlarda 19,3 mingta kunduzgi shifo o‘rni tashkil etilgan. Bunda imkoniyatlardan kelib chiqqan holda oilaviy shifokor punktlarida 6 tagacha, oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda 20 tagacha kunduzgi shifo o‘rinlari yaratilgan. Ularda ishlaydigan tibbiyot xodimlari ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanishi yo‘lga qo‘yildi.

Kunduzgi statsionar o‘zi nima?

 Kunduzgi statsionar bu- shifokorning kechayu-kunduzgi nazorati zarur bo‘lmagan, ammo muolajalarni uy sharoitida amalga oshirish imkoni bo‘lmagan bemorlarni davolashga qaratilgan tibbiyot maskanidir. Kunduzgi statsionarlarda muolaja olish bilan bemorning vaqti va mablag‘i tejaladi, ovoragarchilikning oldi olinadi, bundan tashqari, xasta odam kunduzgi shifoxonada doimiy holidan xabar oluvchi shifokori va patronaj hamshirasining nazoratida bo‘ladi. Mazkur tizimda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish vaqti 13:00 dan 20:00 gacha uzaytirilgan.

Qolaversa, xuddi shu yangi tizim orqali 558 ming nafar bemorga oilasidan ajralmagan holda davolanish imkoniyati yaratildi va natijada, shifoxonalarga murojaatlar 19,1 foizga kamaydi.

Kimlar davolanishi mumkin?

 Bu muassasalarda davolanish uchun o‘tkir, surunkali kasalliklarning remissiyasi yoki subremissiyasi davridagi, reabilitatsiya va sog‘lomlashtirish muolajalariga muhtoj bo‘lgan bemorlar oila shifokori yoki tor soha mutaxassisi yo‘llanmasi asosida yuboriladi.

 U yerda muolaja olayotganlar vrach va hamshiraning doimiy nazoratida bo‘ladi. Bemorlarga kafolatlangan paket doirasida tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilib, dori vositalari bepul taqdim etiladi.

 Masalan, bemorlar kunduzgi statsionarlarda tegishli laboratoriya va diagnostika tekshiruvlaridan o‘tishi, fizioterapiya, infuzion terapiya, reabilitatsion muolajalar kabi tibbiy xizmatlardan foydalanishi mumkin.

Теги :
Jamiyat