Toshkentda o‘z tanishini do‘pposlagan bezorilar qo‘lga olindi
O‘tkazilgan tekshiruvlar davomida bezorilardan birining yonidan topilgan to‘pponcha ko‘rinishidagi olov yondirgich ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta fuqarolar o‘zaro janjallashayotganligi aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy ma’lumot berdi.
Holat 20-iyun kuni yarim tunda sodir bo‘lgan
Joriy yilning 20-iyun tungi soat 00.30 larda Mirzo Ulug‘bek tumanida 26 yoshli Sh.B., 23 yoshli A.K., 33 yoshli O‘.Z. va 22 yoshli F.A. o‘zining tanishi bo‘lgan 1992-yilda tug‘ilgan J.R. bilan o‘zaro janjallashib ketishgan. Janjal natijasida J.R.ni qo‘l bilan urib tan jarohati yetkazilgan.
Bosh miya chayqalishi, bosh miya yumshoq to‘qimalari lat yeyishi
Jabrlanuvchi "Bosh miya chayqalishi, bosh miya yumshoq to‘qimalari lat yeyishi" jarohati bilan xususiy tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan. Holatni yashirish maqsadida J.R. tibbiyot xodimlariga o‘zi yiqilib tushganini bildirib, IIOga murojaat qilmagan.
2 nafar gumonlanuvchilar qo‘lga olingan
Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi ("Bezorilik") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchilar Sh.B. va A.K. prosessual tartibda ushlangan. Qolgan gumonlanuvchilarni ushlash choralari ko‘rilmoqda.
To‘pponcha ko‘rinishidagi olov yondirgich
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Sh.B.ning yonida aniqlangan to‘pponcha ko‘rinishidagi olov yondirgich ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
“Tergov davom etmoqda, yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi”, - deyiladi xabarda.



