$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Sanjar Atamurodov — AQShning eng yetakchi robototexnika markazlaridan biri, Georgia Tech institutida faoliyat yuritayotgan ilk o‘zbekistonlik tadqiqotchi

Sanjar Atamurodov - Georgia Tech

Robototexnika bo‘yicha dunyoda izlanishlar misli ko‘rilmagan tezlikda rivojlanayotgan bir paytda, o‘zbekistonlik muhandis Sanjar Atamurodov ushbu sohaning eng ilgor nuqtasida faoliyat yuritmoqda. U hozirda AQShdagi Georgia Institute of Technology tarkibidagi Institute for Robotics & Intelligent Machines (IRIM) markazida eng songgi va murakkab hisoblangan odamsimon robotlarning harakatlanishi va muozanati ustida tadqiqot olib bormoqda. Bu institut dunyoning eng kuchli robototexnika tadqiqot markazlaridan biri bolgan MIT CSAIL, CMU Robotics Institute va Stanford AI Lab qatorida turuvchi ekotizimidan biri hisoblanadi.

IRIM doirasida u LIDAR Lab (Laboratory for Intelligent Dynamics and Autonomous Robotics) tarkibida ishlaydi — bu laboratoriya gumanoid robotlarning yurishi, muvozanati, butun tana bo‘ylab koordinatsiyasi va masofadan boshqaruvi kabi eng murakkab masalalarni o‘rganishga ixtisoslashgan. Uning bu markazga qo‘shilishi nafaqat shaxsiy yutuq, balki O‘zbekiston ilm-fani uchun ham katta qadamlardan biri. IRIM tarkibida 100 dan ortiq professorlar, o‘nlab ilg‘or laboratoriyalar va global miqyosda avtonom tizimlar hamda embodied AI bo‘yicha yetakchi tadqiqotlar mavjud. Quyida dunyoning ana shunday nufuzli robototexnika markazlaridan birida ishlab, bu sohada ixtirolar qilayotgan, o‘z mehnati bilan ilm-fanga hissa qo‘shayotgan o‘zbekistonlik muhandis Sanjar Atamuradov haqida hikoya qilamiz.

 Ilk qiziqishlari va akademik poydevor

Qahramonimizning aniq fanlar va robototexnikaga qiziqishi yoshlik chog‘idanoq shakllangan. Matematika va fizikaga qobiliyati hamda texnika bilan chuqur shug‘ullanishi uning dunyoning eng yetakchi universitetlaridan biri Janubiy Koreyadagi KAIST (Korea Advanced Institute of Science & Technology) universitetiga toliq grant asosida kirishga sababchi bo‘ladi. KAIST nafaqat Osiyodagi, balki dunyodagi eng kuchli muhandislik maktablaridan biridir. U yerda Sanjar kompyuter fanlari va robototexnika bo‘yicha tahsil olarkan, o'qishdan tashqari Raion Robotics va Digitrack Inc. kompaniyalarida amaliy tajriba orttirdi. Bu yerda u to‘rt oyoqli kuchuksimon robotlarning yurishi, ozi yuradigan robotlarning navigatsiyasi, muvozanat boshqaruvi va masofaviy boshqaruv tizimlari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Aynan shu tajribalar keyinchalik AQShdagi ilmiy faoliyatiga poydevor bo‘lib xizmat qildi.

AQShdagi eng nufuzli texnolaboratoriyadan birida

Sanjar faoliyat boshlagan LIDAR Labaratoriyasining asosiy yonalishi odamsimon robotlar ustida tadqiqod va izlanishlar olib borish hisoblanib, ayniqsa, murakkab muvozanat talab qiladigan vaziyatlarda robotning odamlardek tabiiy yurishi va harakatining silliq chiqishini ta’minlashdan iborat. Laboratoriyada Sanjar odamsimon robotning har bir bo‘g‘imdagi kuch taqsimoti, harakatning oldindan prognoz qilinishi, sensor ma’lumotlarini qayta ishlash va robotning inson kabi muvozanat saqlashi uchun zarur bo‘lgan algoritmlar ustida muntazam ilmiy ishlar olib boradi. Bu jarayon robotga shunchaki buyruq bajarish emas, balki atrof-muhitga moslashgan holda mustaqil harakat qilish qobiliyatini berishga qaratilgan.

Sanjarning bu yerdagi ilmiy izlanishlari robotning o‘z tanasini “sezishi”, harakatni nazorat qilishi va uzoq masofalardan boshqarilgan paytda ham silliq va izchil harakatlana olishi uchun zarur bo‘lgan murakkab muammolarga Suniy intellekt (Artificial Intelligence) orqali yechim ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi. Uning fikricha, robotni masofadan boshqaruvchi insonning harakati qay darajada mukammal bo‘lmasin, agar robotning o‘zi barqaror harakat algoritmiga ega bo‘lmasa, real amaliyotda bunday tizim yetarli samaradorlik ko‘rsata olmaydi. Shu bois Sanjar robotning o‘ziga xos “motor intellekti”ni, ya’ni harakatni tushunish va qayta ishlash qobiliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

“To‘rt oyoqli” va mobil robotlardan imlab boshqariladigan dronlar-u odamsimon robotlargacha

Sanjar Atamurodovning ilmiy-izlanish faoliyati robototexnikaning bir nechta muhim yo‘nalishlarini qamrab olmoqda. U dastlab to‘rt oyoqli robotlarning murakkab yuzalarda barqaror yurishini ta’minlaydigan kuch taqsimoti va muvozanat boshqaruvi algoritmlarini takomillashtirish ustida izlanishlar olib bordi.

Keyingi bosqichda Sanjar masofadan boshqariladigan uchuvchisiz tizimlar, xususan, imo-ishoralar orqali boshqarishga bo‘ysunadigan dronlarni o‘rgandi va sinovdan o‘tkazdi. Operatorning qo‘l harakatlari, barmoq pozitsiyalari va bilak burilishlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaruvga aylantirishga asoslangan tizimlar nafaqat intuitiv, balki xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham ancha samarali ekani amaliy sinovlarda tasdiqlandi. Sanjarning portfolioda joy olgan ushbu ishlari dronlarning yopiq makonlarda, qutqaruv amaliyotlarida va murakkab manyovr talab qilinadigan holatlarda qo‘llanilish imkoniyatini oshirgan.

Shuningdek, u odamsimon robotlarning teleboshqaruv tizimlari bo‘yicha tajribalar o‘tkazib, qo‘l harakati, tana orientatsiyasi va bosh yo‘nalishi kabi signallarning robot harakatiga aniq uzatilish mexanizmlarini o‘rgangan. Ushbu tajribalar robotga inson harakatlarini silliq takrorlash, buyruqni kechiktirmasdan bajarish va harakat izchilligini saqlash bo‘yicha muhim nazariy xulosalar berdi. Bu izlanishlar Sanjarning LIDAR Labda olib borayotgan ilmiy ishlari uchun mustahkam tayanch vazifasini o‘tamoqda.

Robotlarni kundalik hayotga olib kirish missiyasi

Sanjarning eng ulkan maqsadlaridan biri bu gumanoid robotlarni insonlarning kundalik hayotiga olib kirish. Kelajakda robotlar odamlarning uy ishlari, ombor va zavodlar, qariyalar parvarishi, tibbiy yordam, qutqaruv ishlarida yordam berishi qisqasi, inson istagan har qanday vazifani bajarishga qodir bo‘lishi kerak.

Sanjar aynan shu uchun eng ilg‘or ilmiy masalalar ustida ishlaydi, jumladan, robotlarning:

- uy sharoitida xavfsiz ishlashi

- murakkab muhitlarda barqaror harakatlanishi

- real vazifalarni tushunib bajarishi

- odamlarga jismoniy yordam berishi.

Uning IRIM’dagi tadqiqotlari aynan shu yangi avlod fizik AI tizimlari uchun poydevor yaratmoqda. Bu texnologiyalar kelajakda robotlarning odamlarga yordam berish darajasini tubdan o‘zgartiradi.

Sanjar Atamurodov bugun dunyo robototexnikasi eng oldingi safida ishlayotgan, humanoid robotlar rivojiga bevosita hissa qo‘shayotgan yosh o‘zbekistonlik sifatida e’tirof etilmoqda.

E’tirof va istiqbol

Georgia Tech’dagi LIDAR laboratoriyasida muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirayotgani bilan Sanjar Atamurodov dunyo robototexnikasi markazlaridan biriga ilmiy hissasini qo‘shayotgan yosh o‘zbekistonlik sifatida e’tirof etilmoqda. Uning izlanishlari hali endi boshlanganiga qaramasdan, robotlarning tabiiy harakatini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ilmiy ishlarga yo‘l ochmoqda.

Muazzam Tursunova