Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 96 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +8°

Dog'istonda qurolli hujum: hozirgacha nimalar ma'lum?

Mamlakatda ushbu holat yuzasidan uch kunlik motam e'lon qilindi.

3 daqiqa o‘qiladi

Dog'istonda qurolli hujum: hozirgacha nimalar ma'lum?

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Putinga hamdardlik bildirdi va Dog'istondagi ushbu terrorchilik hujumlarini qat'iy qoraladi.

Aksilterror hujum

Ma'lum qilinishicha, Dog'istonda 23-iyun kuni kechqurun Maxachqal'a va Darband shahrida qurollangan noma'lum shaxslar pravoslav cherkovlari, sinagogalar va yo'l-patrul xizmati postiga hujum qilgan. Hujum soat 17:50 atrofida boshlangan. Jangarilar politsiyachilarga qarata o'q uza boshlashgan, shundan so'ng ular sinagogaga o'tishgan. Dastlab hujumchilar oq rangli Volswagen Polo mashinasida qochib ketgani ma'lum bo'lgan. Keyinroq esa Ichki ishlar vazirligining Dog'iston bo'yicha departamenti H075UT05 davlat raqami bo'lgan qora Lada Vesta mashinasini qidiruvga bergan.

Taxminan Darband bilan bir xil vaqt oralig'ida Maxachqal'aning Magomedgadjiyev ko'chasida otishma boshlangan, qora kiyimdagi noma'lum shaxslar politsiya mashinalariga qarata o'ch ochishgan. Ular raqamsiz qora mashinada harakatlanishgan.

Oradan ko'p vaqt o'tmay Maxachqal'a sinagogasida yong'in chiqqanligi ma'lum bo'lgan. Shahar ravvini qurbonlar yo'qligini bildirgan. "TASS" manbasiga ko'ra, jangarilar xorijiy qurollarni, jumladan kamida bittadan hujum miltig'ini ham ishlatgan. Ular politsiyachilarning quroli va mashinasini ham qo'lga kiritishgan. 

Xavfsizlik kuchlari va jangarilar o'rtasidagi otishma yarim tungacha davom etgan. Maxachqal'aga kirish va shahardan chiqish yo'llari to'sib qo'yilgan. Ma'lumotlarga qaraganda, respublika Ichki ishlar vazirligi jangarilar shaharni tark etib ketishiga yo'l qo'ymaslik uchun shunday choralar ko'rilganligini ma'lum qilishgan.

Rossiya gvardiyasi yordamga kelgan

Darbandda harbiy texnikalar aniqlangach, aksilterror operatsiyasiga Rossiya gvardiyasi va vertolyotlar jalb qilingan. Mahalliy vaqt bilan 21:00 atrofida shaharning markaziy qismi elektr ta'minotidan uzilgan.

Mash Telegram kanali Maxachqal'adagi pravoslav cherkovida 40 nafar fuqaro garov tariqasida olib ketilganligi haqida xabar bergan. Dog'iston Ichki ishlar vazirligi garovga olinganlar haqida ma'lumotni tasdiqlamagan holda "19 kishining o'z xavfsizligi uchun cherkovda yashiringanligini, otishma esa cherkov tashqarisida davom etayotganligini" aytgan. Keyinchalik odamlar cherkovdan olib chiqilgan. 

Kech soat 23:00 da Milliy antiterror qo'mitasi Darbanddagi aksilterror operatsiyasining faol bosqichi yakunlanganligi haqida xabar qilgan. Yarim tunda Darband sinagogasida yong'in o'chirilgan.

Hujumchilar haqida nimalar ma'lum?

Aksilterror operatsiyasi mobaynida besh nafar jangchi o'ldirilgan. Dog'iston rahbari Sergey Melikov esa "olti nafar bandit" yo'q qilinganini aytgan. Milliy antiterror qo'mitasining ma'lum qilishicha, uch nafar jangari Maxachqal'ada, ikki nafari Darbandda yo'q qilingan. Hujum ishtirokchilaridan biri esa otishma chog'ida halok bo'lgan. 

"Hujumchilarning harakatlari, qichqirig'i va tashqi ko'rinishidan kelib chiqadigan bo'lsak, ular terrorchi tashkilotga mansub", – deydi RBK nashri manbasi. Shuningdek, manbaning ta'kidlashicha, jangarilarning bir nechasining Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlar bazasida vahobiylar bilan aloqasi borligi qayd etilgan.

Shuning bilan birga, Xavfsizlik kuchlarining hujumlar avvaldan rejalashtirilganligiga ishonchi komil va nishonlar diniy obyektlar bo'lgani bejiz emas – hujum katta pravoslav bayramida (23-iyun Muqaddas Uchlik kuni) amalga oshirilgan.

Hujum oqibatida halok bo'lgan 15 dan ortiq politsiya xodimi

Ma'lum qilinishicha, jangarilardan ikki nafari Dog'istonning Sergokalinskiy tumani rahbari Magomed Omarovning o'g'illari, yana bir nafar shaxs esa uning jiyani deya xabar bermoqda "Interfaks". Omarov qo'lga olingan va so'roqqa olib ketilgan, so'ngra lavozimidan iste'foga chiqqan. Baza Telegram kanalining da'vosiga ko'ra, besh nafar jangari ham Sergokalinskiy tumanida tug'ilgan va Omarov o'g'illarining terrorchilik guruhiga a'zo bo'lgan.

Hujum oqibatida 15 dan ortiq politsiya xodimi halok bo'ldi. Dog'istonda ushbu holat yuzasidan uch kunlik motam e'lon qilindi. 

Rasmiy munosabat

Qozog'iston prezidenti Qosim -Jo'mart To'qayev birinchilardan bo'lib Rossiya prezidenti Vladimir Putinga o'z hamdardligini bildirdi va kuch ishlatar tuzilmalari orqali yordam taklif qildi.

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Putinga hamdardlik bildirib, Dog'istondagi ushbu terrorchilik hujumlarini qat'iy qoraladi va tahdidlarga qarshi kurashda tegishli tuzilmalarning faol hamkorligini davom ettirishga tayyor ekanligini bildirdi.