$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

An’ana davom etadi: Navbat Temur Kapadzega

Kapadze

O‘zbekiston hech qachon Jahon Chempionati saralash bosqichlarini bitta murabbiy bilan o‘tkazmagan. Temur Kapadze rasman O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. 

22-yanvar kechasi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Temur Kapadze milliy jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanganini rasman tasdiqladi. O‘FA milliy jamoa bosh murabbiyligi uchun bir qator nomzodlarni o‘rganib chiqqan va tahlil qilgan. Mahalliy va xorijlik tajribali mutaxassislar bilan muzokaralar o‘tkazgan. Shu bilan birga, murabbiylar kengashi tomonidan taqdim etilgan tavsiyalar ham batafsil ko‘rib chiqilgan.

Nega aynan Kapadze?

"Jahon chempionati saralashining hal qiluvchi o‘yinlariga oz vaqt qolganini hisobga olib, jamoa va futbolchilar bilan yaqindan tanish bo‘lgan, uzoq yillar davomida milliy jamoa safida to‘p surgan hamda bosh murabbiy va yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib borgan, shuningdek, O‘zbekiston Olimpiya jamoasi bilan tarixiy natijaga erishgan Temur Kapadze nomzodi ilgari surildi. Hozirgi yuzaga kelgan holatda O‘FA aynan Kapadzening murabbiylik iste’dodi, mas’uliyati, jamoa a’zolari orasida mavqei, qolaversa doimo yuqori maqsad sari intilish kabi jihatlari orqali muhim uchrashuvlarda ijobiy natija ko‘rsatishiga ishonadi", — deyiladi tashkilot xabarida.

O‘zgarmas an’ana

Kuni kecha sodir bo‘lgan o‘zgarishlar orqali O‘zbekistonning yana bir an’anasi o‘zining uzviyligini saqlab qoldi. O‘zbekiston hech qachon Jahon Chempionati saralash bosqichlarini bitta murabbiy bilan o‘tkazmagan. Keling, Mundialning saralash bosqichlarida terma jamoalarni boshqargan murabbiylar ro‘yxatini ko‘rib chiqamiz.

  • JCH-1998. Rustam Mirsodiqov - Vega Da Silva
  • JCH-2002. Vladimir Salkov - Ravshan Haydarov/Leonid Ostroushko
  • JCH-2006. Ravshan Haydarov - Yurgen Gyode - Bob Xouton
  • JCH-2010. Rauf Inileyev - Mirjalol Qosimov
  • JCH-2014. Vadim Abramov - Mirjalol Qosimov
  • JCH-2018. Mirjalol Qosimov - Samvel Babayan
  • JCH-2022. Ektor Kuper - Vadim Abramov
  • JCH-2026. Srechko Katanes - Temur Kapadze

Ko‘rib turganingizdek, bugunga qadar bu o‘zgarishlar sabab 7 ta mundial yo‘llanmasi qurbon qilingan. 

Terma jamoa vaziyati

O‘zbekiston milliy jamoasi 27-yanvar kuni Dohada Iordaniyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Bu bahsga asosan Superligada to‘p surayotgan o‘yinchilar jalb etilgan. Milliy jamoamiz 20-mart kuni JCH-2026 saralashi doirasida Qirg‘izistonni Toshkentda qabul qilsa, 25-mart kuni Tehronda Eron milliy jamoasi mehmoni bo‘ladi. Ushbu bahslardagi muhim ochkolar jamoamizga ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini keltirishi mumkin. Vakillarimiz hozirda 13 ochko bilan A guruhida 2-o‘rinda bormoqda.

Ma’lum qilinishicha, Temur Kapadze ayni kunlarda Qatarda yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston milliy jamoasiga qo‘shilib, jamoa boshqaruvini qo‘lga oladi. Ma’lumot uchun, ayni shu kunning o‘zida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro rozilik bilan bekor qilishga qaror qilgan edi. 43 yoshli Temur Kapadze 2024-yilda O‘zbekiston olimpiya jamoasini futbolimiz tarixida ilk bor Olimpiadaga olib chiqqan va yakunda O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etilgandi.

Теги :
Jamiyat