$
 12967.00
11.74
 13352.12
25.04
 126.49
0.05
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyining salomatligi yana yomonlashdi

Katanes

JCH-2026 3-saralash bosqichida kurashni davom ettirayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugundan Qatarda yig‘in o‘tkazadi. Unda asosan ichki chempionatda to‘p tepayotgan futbolchilar ishtirok etishadi. Biroq bu yig‘inda eng kerakli inson ishtirok eta olmaydi.

O‘FA axboroti

O‘FA matbuot xizmati Srechko Katanes sog‘lig‘idagi muammolar sabab terma jamoaning Qatardagi yig‘inida ishshtirok eta olmasligini ma’lum qildi. "O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun Qatar poytaxti Doha shahrida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga kirishadi. Bosh murabbiy Srechko Katanes salomatligi yomonlashgani sababli shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra ushbu yig‘inda qatnasha olmaydi. Yig‘in davomida jamoamiz bilan yordamchi murabbiylar Alesh Chex hamda Vlado Radmanovich ish olib borishadi. Srechko Katanesga salomatlik tilaymiz",- deyiladi xabarda.

"Uchinchi marta terma jamoani sog‘ligim tufayli tark etsam, boshqa qaytib kelmayman" 

Jamoa bosh murabbiyi dastlab 2023-yilning iyun oyida sog‘lig‘idagi muammo sabab, davolanish maqsadida o‘z uyiga ketgan edi. Shundan so‘ng, janob Katanes 2024-yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan JCH-2026 saralash bosqichi doirasidan o‘rin olgan Gonkongga qarshi o‘tgan Toshkentdagi uchrashuvni ham kutilmaganda sog‘lig‘i bilan yuzaga kelgan muammolar tufayli o‘z vatani Sloveniyaga jo‘nab ketishga majbur bo‘lib, o‘tkazib yuborgandi. Keyinchalik, 2024-yilning 5-iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes Turkmaniston terma jamoasi bilan o‘yin oldi tashkil qilingan matbuot anjumanida salomatligi bilan bog‘liq masalaga to‘xtaldi. "Sog‘ligim haqida to‘liq aytib bersam, ancha vaqt kerak bo‘ladi. Ayni paytda sog‘ligim ancha yaxshi. Agar uchinchi marta terma jamoani sog‘ligim tufayli tark etsam, boshqa qaytib kelmayman" — dedi murabbiy. 

Onkologik xastalik

Avvalroq saytimiz orqali 2024-yilning mart oyida e’lon qilingan va tasdiqlanmagan ma’lumotga ko‘ra, murabbiy uzoq vaqt davolanish va katta mablag‘ni talab etadigan onkologik xastalikka chalinganini ma’lum qilgan edik. Bugun O‘FA tomonidan e’lon qilingan xabar har gal ommaga taqdim qilinar ekan, murabbiy atrofida yana mana shu masala aktuallasha boshlaydi.

Yangilarni kim ko‘rib oladi?

Qiziqarlisi, bundan 3 yil avval Dubayda tashkil qilingan yig‘inda ham Katanes koronavirus sababli qatnasha olmagan. Bu gal yana FIFA kunlaridan tashqarida mashg‘ulotlar olib boriladi va unda yangi futbolchilar ko‘zdan kechirilishi rejalashtirilgan edi. Biroq shundoq ham o‘zgarishlar va yangilikilarga toqati yo‘q murabbiy yana yig‘inda ishtirok eta olmaydi. Bu hoaltda vaziyat qanday yakun topadi, kimlar navbatdagi rasmiy o‘yinlar uchun saralanadi barchasi noma’lum?! Ahamiyatlisi, bu galgi yig‘inga jalb qilingan futbolchilar nomiga razm solar ekansiz, tarkibdagi futbolchilarning katta qismi terma jamoadan ilk bor chaqiruv olganiga guvoh bo‘lasiz.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu yig‘in doirasida 27 yanvar kuni Iordaniyaga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00da "Abdulloh bin Xalifa" stadionida bo‘lib o‘tadi. Terma jamoamiz mart oyida Qirg‘iz Respublikasi hamda Eronga qarshi bahs olib borishadi.

Теги :
Jamiyat