$
 12990.00
5.56
 13570.65
127.86
 131.86
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Firibgarlar Temu platformasi orqali foydalanuvchilarni chuv tushurmoqda

temu

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda mashhur Xitoy marketpleysi Temu bilan bog‘liq telefon firibgarligi holatlari ko‘paymoqda. Noma’lum shaxslar platformaning qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimlari sifatida o‘zlarini tanishtirib, fuqarolarga ularning telefon raqami bepul smartfon yutganini xabar qilishadi.

Firibgarlar qanday harakat qiladi?

Firibgarlar “sovg‘a”ni olish uchun kuryer xizmati orqali pasport ma’lumotlarini taqdim etishni so‘rashadi. Agar fuqaro rad etsa, ular hech bo‘lmaganda PINFL (shaxsiy identifikatsiya raqami)ning oxirgi to‘rtta raqamini “tekshirish uchun” aytishni talab qilishadi.

Shundan so‘ng, jabrlanuvchilar o‘z nomiga bank kartasi ochilgani va u telefon raqamiga bog‘langani haqida SMS-xabarlar ola boshlaydi. Firibgarlar bu orqali shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritib, ishonuvchan fuqarolar nomiga kreditlar rasmiylashtirishga urinishadi.

Firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin?

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, firibgarlardan himoyalanishning eng yaxshi usuli bu ular bilan hech qanday muloqot qilmaslik va qo‘ng‘iroqni darhol yakunlashdir.

“Ayrim holatlarda firibgarlar F.I.O (to‘liq ism-sharif)ni va shartlarga rozilikni so‘rashadi. Keyinchalik, bu rozilikning audio yozuvini kredit olish uchun ishlatishadi”, – deydi mutaxassislar.

Shuni ta'kidlash kerakki, firibgarlar o‘zbek tilida gaplashishni o‘rgangan, shu sababli ona tiliga o‘tish endi xavfsizlik kafolati bo‘la olmaydi.

O‘zbekistonda firibgarlikning keng tarqalgan 3 usuli

Ichki ishlar bo‘limidan qo‘ng‘iroq. Sizga qo‘ng‘iroq qilib, sizning nomingizga kredit rasmiylashtirilgani haqida xabar berishadi va hech narsa olmaganingizni tasdiqlashingiz uchun hujjatlaringizni yoki SMS-kodingizni jo‘natishingizni so‘rashadi.

Aloqa operatoridan qo‘ng‘iroq. Firibgarlar SIM-kartangizning amal qilish muddati tugayotganini aytib, uni uzaytirish uchun shaxsiy ma’lumotlaringizni yoki SMS-kodingizni yuborishingizni talab qilishadi.

Bankdan qo‘ng‘iroq. Sizga qo‘ng‘iroq qilib, sizning nomingizga plastik karta yoki kredit ochilgani haqida xabar berishadi. Buni bloklash uchun hujjatlaringizni yoki SMS-kodingizni taqdim etishingizni talab qilishadi.

Firibgarlardan qanday himoyalanish kerak?

Hech qachon shaxsiy ma’lumotlaringizni, masalan, PINFL, pasport ma’lumotlari yoki SMS-kodlarni begona shaxslarga bermang. Agar noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lsa, ularga ishonmang, hatto ular o‘zlarini rasmiy tashkilot xodimi sifatida tanishtirishsa ham. Bunday holatlarda har doim banklar yoki aloqa operatorlarining rasmiy kontaktlari orqali ma’lumotni tekshirish muhim. Agar shubhali qo‘ng‘iroqlar yuz bersa, darhol huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishni unutmang.

Теги :
Jamiyat