O‘zbekiston Qozog‘iston bilan ham yangi temiryo‘l qurmoqda
Yangi temiryo‘l liniyasining qurilishi mavjud Sariag‘ash — Toshkent uchastkasidan yuklarni yangi tarmoqqa yo‘naltirish, “Sariag‘ash” stansiyasini tushirish va O‘zbekistonga eksport yuklarini ko‘paytirish imkonini beradi.
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 2027-yilda ishga tushirilishi kutilayotgan yangi temiryo‘l qurilmoqda. Bu haqda “Qozog‘iston temir yo‘llari” (QTY) kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
545,8 million dollar investitsiya
QTY ma’lumotlariga ko‘ra, yangi temiryo‘l liniyasining qurilishi mavjud Sariag‘ash — Toshkent uchastkasidan yuklarni yangi tarmoqqa yo‘naltirish, “Sariag‘ash” stansiyasini tushirish va O‘zbekistonga eksport yuklarini ko‘paytirish imkonini beradi.
“Shu maqsadda “Qazaqstan temir joli” — “Samruq-Qazina” portfel kompaniyasi tomonidan qiymati 286 milliard tenge (545,8 million dollar) bo‘lgan investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar 203 km dan 100 km ga yaqin rels-shpal tarmoqlari yig‘ildi. Loyihani amalga oshirish uchun 46 ta yo‘l-qurilish texnikasi va 70 dan ortiq kishi jalb etilgan”, — deyiladi xabarda.
Yangi temiryo‘l qurilishi 2023-yil noyabr oyi oxirida boshlangan
Yangi temiryo‘l qurilishi 2023-yil noyabr oyi oxirida boshlangan. O‘shanda Darbaza — Maqtaaral temiryo‘l liniyasining uzunligi 152 kilometrni tashkil etishi ma’lum qilingandi.
Qozog‘iston hukumati yirik infratuzilma loyihasi davlat rahbari Qasim-Jomart Toqayevning topshirig‘i bilan amalga oshirilayotgani va respublikaning transport-tranzit salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilganini ma’lum qildi. Uning doirasida Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasi orqali yangi o‘tkazish punkti ochiladi.
Loyiha ikki bosqichli
Loyiha ikki bosqichga bo‘lingan. Birinchisi, “Sirdaryo” bekatiga chiqadigan Yerdaut — Maqtaaral — O‘zbekiston davlat chegarasi liniyasini qurishni nazarda tutadi.
Ikkinchi bosqichda O‘zbekistonning davlat chegarasi bo‘lgan Jetisay shoxobchasini xuddi shu stansiyaga chiqish yo‘li bilan foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Loyihada Qozog‘istonning ulushi 85 foiz deb baholandi.
“Qurilishdan so‘ng tumanlar jiddiy impuls oladi”
QTYning sobiq rahbari Kanat Almagambetovning ta’kidlashicha, Darbaza — Maqtaaral liniyasi Turkiston viloyatining ikkita chekka hududi — Maqtaaral va Jetisayni Qozog‘istonning qolgan qismi bilan bog‘laydi.
“9 ta stansiya quriladi. Temiryo‘l Qozog‘istondan ushbu hududlarga va ushbu hududlardan Qozog‘istonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuklarni olib chiqadi. Chunki hozir ular O‘zbekiston bilan chegaradan o‘tishga majbur. Bu tumanlar rivojiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Qurilishdan so‘ng ular jiddiy impuls oladi”, — dedi u.
Temiryo‘lning Markaziy Osiyoga ta’siri
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonning tranzit salohiyati ham sezilarli darajada oshadi.
“Afg‘oniston, Eron, Tojikiston va O‘zbekistonga ketayotgan yuklar bu yo‘ldan tezroq o‘tadi. Yana bir ta’sir: Sariag‘ash — Toshkent uchastkasidagi taranglik kamayadi. Keyingi yillarda u yerda yuklar ko‘p bo‘lmoqda. Ayni paytda, ularning barchasi ham o‘z vaqtida uzatilgani yo‘q, chunki u yer bunday yuk oqimiga mo‘ljallanmagan. So‘nggi ikki-uch yil ichida miqdor keskin o‘sdi. Qurilish ushbu asosiy uchastkadagi muammoni hal qilishga va yo‘lovchi poyezdlarini harakatlantirishga yordam beradi”, — dedi Kanat Almagambetov.



